Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O‘zbekiston xalqlar do‘stligi va tinchlik vatani

By Muxtasar_Qodirova - Sept. 5, 2025, 12:32 p.m. 661 Views 0 Comment

"Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!"

Ortimda Qorateran ko‘li, qarshimda “Oqqush” degan uy bor.





Qora uy qoraqalpoq xalqining ota-bobolaridan meros bo‘lib kelayotgan milliy yashash uyi, imorati, xonadoni. Oradan necha yillar o‘tsa ham, qancha-qancha hashamatli va ko‘rkam binolarda yashash imkoniyati tug‘ilsa ham xalqimizga qadrdon bo‘lgan bu uy hali ham foydalanishdan chetda qolib ketmagan. Qishda issiq, yozda salqin bo‘lgan ota-bobolarimizning bu muqaddas uyi bugungi kunda ham usta hunarmandlarimiz tomonidan bunyod etilib, shuhrati dunyoga tarqalib kelmoqda.Ayniqsa, poytaxtimizning janub tomonida qad rostlagan qora uy timsolidagi «Oqqush majmuasi» bugun har bir yurtdoshimizning faxriga aylangan. Qachonlardir bizning qora uyimizning eng katta qilib bunyod etilishi va uning Ginnesning rekordlar kitobiga kirishini hech kim o‘ylab ham, taxmin ham qilmagan bo‘lsa kerak desak. Qardosh xalqlarning milliyligini bildirib, ularning urf-odat va an’analariga hurmat belgisi sifatida bezatilgan qora rang. O‘ziga xos ko‘rk taratib turgan qora uylar majmuasida turli rasmiy tadbirlar o‘tkazib kelinayotgani va unda ishtirok etgan xorijlik mehmonlarning milliyligimizga hurmati oshib, minnatdorlik tuyg‘ularini izhor etganining guvohi bo‘lib turibmiz. Joriy yilning 5 aprel kuni shu yerda o‘tkazilgan «Orol madaniyati sammiti»ga Yevropa davlatlari va yurtimizning san’at, madaniyat sohasining taniqli mutaxassislari, siyosatchilar, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha ekspertlar, rassomlar, dizaynerlar va ekolog olimlar ishtirok etgan edi. Sammitda ishtirok etgan Buyuk Britaniyalik yozuvchi va jurnalist Filip Mogan bilan suhbatlashganimizda;

– Bu Qoraqalpog‘istonga uchinchi tashrifim. Ilgari Mo‘ynoq tumanida ham bo‘lganman va bu o‘lka menga juda yoqib qoldi. Mening kasbim agrar soha bilan bog‘liq bo‘lgani uchun iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq har bir masala va muammo juda dolzarb, deb o‘ylayman. O‘zimning Orolga bo‘lgan muhabbatim jamlangan «Aytilmagan hikoyalar» nomli kitobimni ham nashrdan chiqarganman. Hududda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborni ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali Gennisning rekordlar kitobiga kiritilgan «Oqqush majmuasi»ni ko‘rish menda katta qiziqish uyg‘otgan edi. Mana bu yerni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib quvonib turibman. Juda ajoyib, juda go‘zal. Til bilan ta’riflash qiyin.

Ilgari Savitskiy nomidagi san’at muzeyimizga chet ellardan mehmonlar ko‘plab keladigan bo‘lsa, endilikda Prezidentimizning 2024 yil 9 fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha respublikamizning barcha joylarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar asosida turistik maskanlar, muhtasham ob’ektlar ko‘payib, tadbirkorlik sub’ektlari ortmoqda. Ya’ni, Filip Mogan kabi xorijdan kelgan mehmonlarga respublikamizning diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda. Respublikamizda turizm sohasi rivojlanmoqda, milliy meroslarni tiklash va dunyoga tanitishda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

«Orqasida oq sazanli Orolim, Qiblasida cho‘kkan norday Qoratov,» deb xalqimizning sevimli shoiri I.Yusupovning tug‘ilgan zamin go‘zalligini ta’riflaganidek bugun jannatmakon yurtimiz yanada go‘zal manzaralar bilan boyimoqda. Taxtako‘pirning Bo‘rchitov etagidagi Qorateran majmuasidagi yaratilgan turistik markaz va undagi qator tizilgan qora uylar bugun nafaqat xalqimiz uchun, balki turistlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

           

     



Qoraqalpog‘iston taraqqiyotning yangi bosqichlarida

So‘nggi yillarda yurtimizda infratuzilmaviy o‘zgarishlar, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihalar hamda qurilish, ta’lim, tibbiyot, ishlab chiqarish, xullas, har bir sohada rivojlanishlar, alohida e’tirofga molik yangiliklar ro‘y bermoqda. Ayniqsa, hurmatli Prezidentimizning alohida e’tibori bilan Qoraqalpog‘istonda katta yangilanishlar, ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Mahallalardagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga yechim topilishi, ehtiyojmand fuqarolarga yordamlar ko‘rsatilishi, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilishi bilan aholining farovon hayot kechirishiga zamin bo‘lmoqda. Yurtimizda amalga oshirilgan eng yirik loyihalarning ikkitasi Qoraqalpog‘istonda olib borilgani xalqimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda. Bu loyihalarning biri «Amudaryo» daryosi ustiga qurilgan, avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi bo‘lsa, ikkinchisi yurtimizni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan yangi qurilgan «Qo‘ng‘irot-Beyneu» avtomobil yo‘lining 240 kilometr qismi xalqimiz farovonligi uchun foydalanishga topshirilganidir. Qisqa vaqt ichida amaliy ishlar olib borilib, «Aspantay» OFY «Porlitov» aholi punkti hududidan o‘tib turgan «Amudaryo» daryosiga ponton ko‘prigi qurilib, foydalanishga topshirilishi xalqimizga qulay sharoitlar yaratishda xizmat qilmoqda. «Tadbirkorlikni Qoraqalpog‘istondan boshlash kerak» degan Prezidentimizning so‘zlari bugun qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar uchun o‘ziga bo‘lgan ishonch, g‘ayrat bag‘ishlayapti desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurtboshimizning tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yaratishi, ayniqsa ular uchun soliq imtiyozlari joriy etilishi bugun mahalliy tadbirkorlarda minnatdorlik tuyg‘ularini his etmoqdamiz.

– Bankdan imtiyozli kredit olib ish boshlaganimizga olti yil bo‘ldi. O‘ndan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan. Asosan buyurtma bo‘yicha eshik ishlab chiqaramiz. Shuningdek, bozordagi savdo nuqtalariga ham mahsulotlarimizni chiqaramiz. Turli uslubdagi eshiklarni ishlab chiqarayotgan bo‘lsak, so‘nggi modadagi haytak shaklidagi eshiklarga aholining qiziqishi kuchli bo‘lmoqda. Yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan mamnunmiz. Bu imtiyozlar bizga ishlarimizning yanada rivojlanishiga imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi korxona ish yurituvchisi Rashid Jumambetov.

Xorijdan investitsiya kiritib, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shayotgan Koreya fuqarosi bo‘lgan Li Injae O‘zbekistonda yashab, tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotganiga 20 yildan oshdi. Respublikamizdagi birinchi investor bo‘lgan u bu tinch totuvlikda yashayotgan yurtimiz haqida shunday deydi:

– Serquyosh O‘zbekiston xalqlar do‘stligi, tinchlik vatani. Bu yurt mening ikkinchi vatanim. Hozir oilamiz bilan birgalikda qizilmiya ildizi eksporti bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz. Tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan minnatdormiz. Bu imkoniyatlar tadbirkorlar faoliyatining rivojlanishiga xizmat qiladi, – deydi u.

Qoraqalpog‘istonda aholi bandligini ta’minlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qulay agrobiznes muhitini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Qoraqalpog‘istonda aholi bandligini ta’minlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qulay agrobiznes muhitini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Bunda albatta, so‘nggi yillarda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan mintaqada yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilayotgan alohida e’tibor, hududni rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan qator farmon va qarorlarning o‘rni bor. Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan yirik islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga oid farmoni asosida Nukus shahri markazida yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida jami 78 million AQSh dollari investitsiya mablag‘lari hisobidan zamonaviy me’morchilik talablariga javob beradigan besh yulduzli mehmonxona va kongress-xoll majmuasi barpo etilmoqda. Shuningdek, 22 qavatli ikkita turar joy binosi va ko‘p tarmoqli savdo majmuasi qurilishi ham rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Loyiha shahar infratuzilmasini yangilash, sayyohlik salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy biznes rivojiga katta turtki berishi kutilmoqda. Bu majmua Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy  rivojlanishida yangi bosqichni boshlab berishi shubhasiz. Bundan tashqari respublikamizning barcha joylarida qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda, mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan yangi binolar foydalanishga topshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolar uchun munosib turmush sharoitini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan respublikamizda bir nechta ehtiyojmand oilalarning uy-joylarini ta’mirlash ishlari bajarildi va davom etmoqda. Bu borada Qoraqalpog‘istonda 21 mingta uy ta’mirlanib, 709 ta yangi uy qurib berilishi ko‘zda tutilgan.

– Uyimiz eskirib, avariya holatiga kelib qolgan edi. Prezidentimizning ko‘magi bilan uyimiz yangidan qurib bitkazildi, – deydi Mo‘ynoq tumanida yashovchi Marva Jubandikova mamlakatimizda olib borilayotgan g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik tuyg‘ularini izhor etib.

Yilning eng muhim iqtisodiy tadbirlaridan biri bo‘lgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi sessiyada Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoeva ham «Boston Consulting Group» kompaniyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonni 2035 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoeva o‘z so‘zida Qoraqalpog‘istonning kelajagi milliy ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidladi va bu nafaqat rejalar tuzish, balki aniq harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha ish olib borilayotganiga e’tibor qaratdi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda ko‘plab muammolar borligi, ayniqsa sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va ta’lim sohasida o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligi va shu bilan birga juda katta imkoniyatlar ham mavjudligini ta’kidladi.

Iqlim sharoiti og‘ir bo‘lishiga qaramay, o‘zida betakror tabiiy go‘zallik va turizm uchun haqiqiy imkoniyatlarni mujassam etganini, mintaqada mavjud imkoniyatlar ko‘lamini chuqurroq anglash uchun investorlar kelib, Qoraqalpog‘istonning ulkan salohiyatini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga va bu imkoniyatlarning guvohi bo‘lishga hamda bu imkoniyatlar ko‘lamini baholashga taklif qilishini aytib o‘tgan edi. Bundagi maqsad nafaqat investitsiya olib kelish, balki kiritilgan investitsiyaning mahalliy aholiga yordam berishi, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashi va yoshlar uchun yorqin kelajak yaratishga ishonch paydo qilishi xalqimizning yorqin kelajakka ishonchini yanada oshirib, shu yurt, shu el uchun xizmat qilib yashashga g‘ayrat bag‘ishlamoqda.

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 avgustda qabul qilingan «Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinishi bilan respublikamiz aholisi uchun yanada qulay investitsiya muhitini yaratish va infratuzilmani yaxshilash, zamonaviy yondashuvlar asosida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari joriy etilishi kutilmoqda. Ushbu huquqiy hujjat xalqimiz uchun yana imkoniyatlar manbaini kengaytirib, sohalarda yanada rivojlanishlar, o‘zgarishlar amalga oshirilishi kutilmoqda.

Ushbu huquqiy hujjat xalqimiz uchun yana imkoniyatlar manbaini kengaytirib, sohalarda yanada rivojlanishlar, o‘zgarishlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Qaror bilan 2025-2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi, xususan: yalpi hududiy mahsulot hajmini o‘rtacha 6-6,5 foizga yetkazish; sanoat ishlab chiqarish hajmini 5-6 foizga; bozor xizmatlari hajmini 15-17 foizga yetkazish belgilangan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2035 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha strategiya 5 yillik to‘liq dastur asosida amalga oshiriladi.

Xususan, mazkur qaror talablari bo‘yicha uzunligi 97 km bo‘lgan Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq magistral suv tarmog‘ining qurilishi, Qoraqalpog‘istonda 328,1 km mahalliy avtomobil yo‘llarining kapital ta’mirlanishi hamda Prezidentimizning 2023 yil 10 oktyabrdagi «Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 330-sonli qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarini kapital ta’mirlash loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) ishtirokida moliyalashtirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 106,3 mln. dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida Qonliko‘l, Kegeyli, Taxtako‘pir, Shumanay, Amudaryo, Beruniy, Nukus, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlarida umumiy foydalanishdagi mahalliy ahamiyatga ega 328,1 km uzunlikdagi ta’mirga muhtoj avtomobil yo‘llarini kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Ushbu tashabbus Qoraqalpog‘iston hududida transport infratuzilmasini yaxshilash, aholining harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Nukus shahridan Taxtako‘pir tumaniga olib boruvchi «D-234» Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir avtomobil yo‘lining 59 km qismini ta’mirlash ishlarini boshlash uchun 15 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi vaqtda qizg‘in ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, olis hududlardan biri bo‘lgan Mo‘ynoq tumanida ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda. Prezidentimizning PQ-4271-sonli qaroriga asosan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish» loyihasining amalga oshirilishi belgilangan.

Buning uchun 8,2 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda «Archico» MChJ (Ozarbayjon) kompaniyasi tomonidan Mo‘ynoq tumanida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga qaratilgan qurilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining eski, tog‘ va daryo bo‘yi hududlarida yangi turistik marshrutlar manzilli dastur asosida yo‘lga qo‘yilishi belgilangan bo‘lib, Xo‘jayli tumani hududidagi «Mizdakxon» arxeologiya-arxitektura majmuasi; Qorao‘zak va Amudaryo tumanlari hududidagi «Shayx Jalil bobo» ziyoratgohi. Qorao‘zak va Amudaryo tumanlari hududidagi «Amuv-Qoratov» dam olish majmuasi zarur infratuzilma bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, bunda turistik majmualarni zarur infratuzilmalar bilan ta’minlash uchun 25 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Qoraqalpog‘istonning shimoliy tumanlarini Qozog‘iston Respublikasining Qizilo‘rda viloyati bilan, Xo‘jayli tumanini Turkmanistonning Toshhovuz viloyati bilan bog‘lash masalalari o‘rganib chiqiladi.

Hurmatli Prezidentimizning alohida e’tibori bilan poytaxtimizda barpo etilgan IT markazi binosining topshirilishi va u yerda bugungi zamon texnologiyasini o‘rganish uchun yaratilgan imkoniyatlar oradan ko‘p vaqt o‘tmay o‘z samarasini bermoqda. Yaqinda Toshkent shahridagi «Yangi O‘zbekiston bog‘i»da «Yangi O‘zbekiston uchun» Ginnes rekordini o‘rnatish maqsadida 2000 nafar iqtidorli talaba yoshlarimiz 25 daqiqa davomida konstruktor robot yig‘ib, O‘zbekiston nomini yana bir bor rekordlar kitobiga yozdirdi. Ular orasida 141 nafar qoraqalpog‘istonlik talaba yoshlar bo‘lib, yoshlarimiz 100 foizlik natijani ko‘rsatdi. Xalqimiz salomatligini asrash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda. Yangi tibbiyot binolari qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilmoqda. Barcha tibbiyot muassasalari raqamlashtirish tizimiga o‘tkazilib, zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Aholiga bepul tibbiy xizmat, ularni dori-darmon bilan ta’minlash hamda oilaviy poliklinikalarda ajratilgan o‘rinlarda bepul davolanish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda bayram arafasida Shumanay tumani «Madaniyat» MFY hududida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning topshirilishi mahalliy fuqarolar uchun katta yangilik bo‘ldi.

Shuningdek, bu yil oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan yoshlar uchun qo‘shimcha kvotalar berilishi kutilmoqda. Ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida qanchadan-qancha yoshlarimiz xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, rivojlangan davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirmoqda. Bularning barchasi yurtimizda tinchlik, to‘kinlik va mamlakatimiz Prezidentining odil siyosati orqali amalga oshirilmoqda.

Bugun yurtimizda katta bayram. Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun» shiori ostida mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligini munosib kutib olmoqda. Mamlakatimizda mehnat qilish, o‘qish, ilm-fan, bilim olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Faqatgina ana shu imkoniyatlardan o‘rinli foydalanib, yurtimiz taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shish bizdan talab etiladi. Bu esa, har birimizning Vatan oldidagi farzandlik burchimizdir. Albatta, bu o‘z elini, Vatanini sevadigan har bir insonning qo‘lidan keladi.

Bayramingiz muborak azizlar.

Gulnora Turdishova
Manba 

Tags:

0 Comment

Leave a Comment