Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O'zbekiston delegatsiyasi Turfon shahrida

By Muxtasar_Qodirova - Aug. 7, 2025, 8:24 p.m. 345 Views 0 Comment

O'zbekiston delegatsiyasi Turfon shahrida (viloyat maqomida) qishloq turizmini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Xitoyda amaliy safarda bo'lib turgan O'zbekiston delegatsiyasiga Turfon shahrida (viloyat maqomida) qishloq turizmini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. 

Xitoy tomoni ta'kidiga ko'ra, ushbu qishloq aholisi azaldan uzumchilik bilan shug'ullangan. Aholi daromadini oshirish va yangi ish o'rinlarini yaratish maqsadida qishloq turizm maskaniga aylantirilgan.

Ushbu qishloqda 864 ta xonadon bor. Ularda uch mingdan ortiq odam yashaydi. Aholining asosiy qismini uyg'urlar tashkil etadi. Shuningdek, bu yerda xitoylar va dunganlar ham yashaydi.

Xitoy hukumati ushbu mahallada aholini kambag'allikdan chiqarish bo'yicha maxsus dasturni amalga oshirdi. Xususan, Xitoyning Xunan provinsiyasi bilan yaqin hamkorlik yo'lga qo'yildi. Natijada "Yangi g'arbiy shahar darvozasi" aholini kambag'allikdan qutqarish bo'yicha namunali mahalla bo'ldi.

– Avvalo mahallamiz turizm hududiga aylantirildi, – deydi mahalla mudiri Qalbinur opa. – Qishloqda tadbirkorlikni, xususan kichik va oilaviy biznesni rivojlantirish uchun hukumat tomonidan yuborilgan 33 nafar mutaxassis, tadbirkorlar aholiga qishloq turizmini rivojlantirish bo'yicha katta yordam bermoqda.

Mahallamiz turizm qishlog'iga aylantirilganidan keyin, bu yerda olamshumul o'zgarishlar ro'y berdi. Ilgari ish, o'qish va boshqa sabablar bilan bu yerdan ko'chib ketgan odamlar "nahotki biz yashagan mahalla shu bo'lsa", deb qaytib kela boshladi.

Qishloqdagi xonadonlardan biri milliy taomlar tayyorlash bilan shug'ullansa, boshqasi mehmonxona biznesini yo'lga qo'ygan. Sayyohlar bu yerda tayyorlangan taomlarni sevib iste'mol qilmoqda. Bu, shuningdek, qishloqqa kelayotgan sayyohlar sonini oshishiga sabab bo'layapti.

Mahalla mudirasining aytishicha, qishloq aholisi ahillikda va jipslikda yashamoqda. Ushbu muhim omil jamiyatda tinchlikni ta'minlash va aholi farovonligini ta'minlashga xizmat qilayapti.

Xitoy tomoni e'tiboriga O'zbekistonda turizmni, mamlakatimiz hududlarida qishloq turizmini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan istiqbolli dasturlar haqida aytib berildi. Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyati, Farg'ona va Namangan viloyatlarida tashkil etilgan turizm qishloqlarining tajribasi alohida urg'ulandi. Ushbu ma'lumotlar Xitoy tomonida katta qiziqish uyg'otdi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment