Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Do‘stlik – ulug‘ va bebaho qadriyat

By Muxtasar_Qodirova - July 28, 2025, 11:17 a.m. 359 Views 0 Comment

Mamlakatimizda millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik muhitini  mustahkamlash, xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida aloqalarni yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu yo‘nalishda yurtimizdagi turli jamoat tashkilotlari, jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ham bir qator loyihalar va aksiyalar o‘tkazib kelinmoqda. Poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida tashkil etilgan “Do‘stlik” festivali ham ana shunday tadbirlar sirasiga kiradi. 

Ushbu festivalda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston hamda mamlakatimiz kasaba uyushmalari tashkilotlarining mutasaddilari, badiiy jamoalar, milliy madaniy markazlar hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. 

Qo‘shaloq bayramlar, xususan, 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni, eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 34 yilligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan mazkur xalqaro ahamiyatga molik  nufuzli festivaldan  ko‘zlangan maqsad san’at orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashdan iboratdir.

Festival ishtirokchilari O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida tantanali ravishda kutib olindi. Saroy foyesida tashkil etilgan ko‘rgazma ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ayni paytda Qirg‘iz madaniyati kunlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiya ham tashkil etildi. 

Tadbirda ta’kidlanganidek, BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq 30 iyul sanasi butun dunyoda “Xalqaro do‘stlik kuni” sifatida keng nishonlanadi. Mazkur sana munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilayotgan tadbirlar ham yurtimizda tinchlik va hamjihatlikni asrab-avaylash borasidagi ezgu ishlarning yana bir yorqin namunasidir. 

Bugun mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elatlar, 16 ta diniy konfessiya vakillari ahillikda hayot kechirmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari saflarida turli millat va elatga mansub hamyurtlarimiz 7 yarim milliondan ortiqdir. Kasaba uyushmalari milliy madaniy markazlar hamda Do‘stlik uylari faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan holda madaniy muloqotni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi xalqaro kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan izchil aloqalarni o‘rnatgan holda xodimlarning mehnat huquqlarini himoyalash, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar doirasida ham tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, Turkiy tilli davlatlar, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari bilan muntazam uchrashuvlar, o‘zaro tajriba almashinuvlar o‘tkazilayapti. Natijada O‘zbekiston kasaba uyushmalari tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil qilindi. Shuningdek, Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari Tashkiloti tuzildi. 

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan  nainki mintaqada, balki butun dunyo  miqyosida tinchlikni asrab-avaylash borasidagi ezgu ishtilishlarni alohida e’tirof etdilar. 

- Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik siyosat, madaniyat va san’at sohalarida ham rivojlanib bormoqda, - dedi ozarbayjonlik  san’atkor Tarlon Novxani. - Buning yorqin isboti mazkur do‘stlik festivalida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Festival doirasida tashkil etilgan konsertda  mamlakatimiz va qardosh davlatlarning badiiy jamoalari, milliy madaniyat markazlar ishtirokchilari tomonidan do‘stlik, birodarlik, tinchlikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqslar ijro etildi.

N.Usmonova, O‘zA

Tags:

0 Comment

Leave a Comment