Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Yangi O‘zbekiston - millat va elatlarni birlashtiruvchi mamlakat

By Muxtasar_Qodirova - July 26, 2025, 1:20 p.m. 262 Views 0 Comment

Butun dunyo hamjamiyati 30-iyulni Xalqlar do‘stligi kuni sifatida nishonlaydi. Bu 2011-yil 3-mayda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyusiyada o‘z aksini topgan edi. 2021-yilda O‘zbekiston parlamenti 30-iyulni Xalqlar do‘stligi kuni sifatida belgilaydigan Qonunni qabul qilgan edi.

O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat sifatida millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni o‘zining muhim qadriyatlaridan biri deb biladi. Shu sababli, millatlararo totuvlik, xalqlar do‘stligi masalasi Konstitutsiya va davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekistonda xalqlar do‘stligi ko‘p asrlik tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, bu jarayon qadimgi sivilizatsiyalar davridan boshlangan. Bugungi kunda bu an’analar yangi mazmun bilan boyib, mamlakatning barqarorligi va ijtimoiy birdamligining asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Qadimdan boshlab, O‘rta Osiyo hududida (Baqtriya, So‘g‘diyona, Xorazm, Farg‘ona) turli xalqlar yashagan. Ular o‘rtasida savdo, hunarmandchilik, ilm-fan va dinlar muloqoti amalga oshgan. Zardushtiylik, buddizm, xristianlik va keyinchalik islomning tarqalishi xalqlar o‘rtasida ma’naviy muloqotga asos bo‘lgan.   Ipak yo‘li – xalqlar, madaniyatlar va elatlar o‘rtasidagi muloqot va hamjihatlikning namunasi bo‘lib xizmat qilgan. Millatlararo totuvlikning amaliy namunalari qadimgi Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarda ko‘zga tashlangan. Bu shaharlar xalqaro savdo, turli dinlar va etnoslar o‘rtasida madaniy muloqot markazlari bo‘lgan. Ipak yo‘lida turli xalqlar vakillari o‘zaro munosabatda bo‘lib, madaniyat, ilm-fan, hunarmandchilik, diniy bag‘rikenglik taraqqiy etgan.

Abu Nasr Farobiy, Imom G‘azzoliy, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy kabi mutafakkirlar o‘z ta’limotlarida insonlarga insoniylik, adolat va mehr-oqibat bilan munosabatda bo‘lishlikni targ‘ib qilganlar. Turli xalqlarning tili, urf-odati va diniga hurmat bilan qarashni insonparvarlik asosi sifatida ko‘rsatganlar.

Sohibqiron Amir Temur turli millat vakillarini birlashtirishga, ularga adolat va hurmat bilan munosabatda bo‘lishga amal qilgan. Uning "Temur tuzuklari"da millat va elatlar o‘rtasida birdamlik va inoqlik muhim tartib sifatida belgilangan.

Amir Temur davridagi bag‘rikenglik siyosati, shuningdek, sovet davrida O‘zbekistonga majburiy ko‘chirilgan xalqlarning mahalliy aholi tomonidan iliq qabul qilinishi xalqlar do‘stligining amaldagi namunasidir.

Qadimgi mahalla an’anasida qo‘shni bilan birga hayot kechirish, yordamlashish, to‘y-ma’rakalarda ishtirok etish – jamiyatdagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni shakllantirgan. Bu holat nafaqat mahalliy, balki davlatlararo munosabatlarda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqlar do‘stligi, millatlararo totuvlik masalasi jahon hamjamiyati e’tiborida bo‘lib, xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilingan huquqiy me’yoriy hujjatlarda mustahkamlanib, amalda qo‘llanilmoqda. BMT tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948) insonlarning irqi, millati, tili va dinidan qat’i nazar tengligini belgilaydi.

YeXHT (OBSE), BMT, YuNESKO hujjatlari millatlararo totuvlikni demokratik jamiyatning asosiy shartlaridan biri sifatida ta’riflaydi.

YuNESKO (1995) bag‘rikenglikni “faol hayot tarzi” sifatida belgilab, uni xalqlar o‘rtasida tinchlik garovi deb e’lon qilganligi ham bejiz emas, albatta.

Milatlararo totuvlik, hamjihatlik masalasi O‘zbekiston Konstitutsiyasining Muqaddimasida va bir necha moddalarida o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyamizning Muqaddimasida O‘zbekiston xalqi ushbu Konstitutsiyani, jumladan “fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlash maqsadida” qabul qilgani alohida ta’kidlangan. Asosiy Qonunimiz ushbu zaminda istiqomat qilayotgan, jinsi, irqi, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir huquqiy himoya hisoblanadi.

O‘zbekiston — ko‘p millatli mamlakat. Mamlakat aholisi tarkibida 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Millatlararo totuvlik masalasi O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, jamiyatda barqarorlik, tinchlik va rivojlanishning garovi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi qayd etilgan. 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni (International Mother Language Day) sifatida dunyo bo‘ylab nishonlanadi. Bu sana YuNESKO tomonidan 1999-yilda e’lon qilingan bo‘lib, har yili 21-fevral kuni ona tillarini asrash, rivojlantirish va tillar xilma-xilligini himoya qilish maqsadida o‘tkaziladi. O‘zbekistonda ham turli millat vakillariga bag‘rikenglik munosabatida bo‘lgan holda, ushbu sana keng nishonlanadi.

O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlashdagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari millatlararo munosabatlar sohasida izchil siyosat yuritish, milliy madaniy markazlarni qo‘llab-quvvatlash, millatlararo muloqotga bag‘ishlangan anjumanlar, festivallar, forumlar o‘tkazish, bilim va ta’lim tizimida bag‘rikenglik g‘oyalarini singdirishga qaratilgandir.

Konstitutsiyamizning 8-moddasida ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”. Bu norma mamlakatdagi turli millat va elatlar vakillari birgalikda yagona xalq — “O‘zbekiston xalqi”ni tashkil etishini belgilaydi. Bu barcha millatlarga teng huquqli fuqaro sifatida qaralishiga asos bo‘ladi.

Konstitutsiyaning 19-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”. Mazkur moddada millatlararo tenglik prinsipi kafolatlanadi. Har qanday kamsitish ta’qiqlanadi. Bu millatlararo totuvlik uchun huquqiy kafolat sifatida xizmat qiladi. Barcha fuqarolar uchun teng huquqlar — millatlararo hamjihatlikning asosiy poydevoridir.

Konstitutsiyaning 35-moddasida qayd etilganidek, hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mamlakatimizda Ramazon va Qurbon hayiti bilan bir qatorda pravoslav Rojdestvosi va yahudiy Pesaxi rasman nishonlanadi. Bu modda millatlararo totuvlikning diniy bag‘rikenglik bilan bog‘liq tomonini mustahkamlaydi.

Bu normalarning amaliyotda samarali ijro etilishi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va barqarorlikning kafolati hisoblanadi.

“O‘zbekiston – umumiy uyimiz” va boshqa mavzularda millatlararo do‘stlik festivallari tashkil etilayotganligi, turli millat vakillari uchun alohida ta’lim muassasalari mavjudligi,  har bir milliy madaniyatning tiklanishi va rivojlanishi uchun imkoniyatlar yaratilayotganligi,  ona tilida ta’lim, kitoblar, teatrlar, radio va telekanallar qo‘llab-quvvatlanayotganligi O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarning amaliy tajribasidir.

Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro markazi va boshqa muassasalar faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi O‘zbekistonda dinlararo totuvlik va millatlararo bag‘rikenglik falsafasining ommalashtirilganligidan dalolatdir.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 150 dan ortiq milliy madaniy markazlar, O‘zbekiston Xalqlar do‘stligi jamiyati, Davlat Madaniyat markazi va Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi millatlararo totuvlikni amalga oshirishdagi idoraviy va jamoat tuzilmalari hisoblanadi.

Millatlararo totuvlik — bu turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, teng huquqlilik, bag‘rikenglik, madaniy muloqot va hamkorlik muhitidir. “Qo‘shning tinch – sen tinch”, “Qo‘shnilar o‘rtasida do‘stlik va totuvlik” kabi iboralar O‘zbekiston xalq madaniyati va davlat siyosatining muhim g‘oyalaridandir.


Abira  Xuseynova - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili, falsafa fanlari doktori, professor

Tags:

0 Comment

Leave a Comment