Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Yangilanayotgan dunyoda jurnalistlar qanday ishlashi kerak?

By Muxtasar_Qodirova - July 22, 2025, 11:03 p.m. 384 Views 0 Comment

Bu savolga Shusha media forumida javob izlandi.

Ozarbayjonning Shusha shahrida 19-21 iyul kunlari "Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida axborot va ommaviy axborot vositalarining barqarorligini mustahkamlash" mavzusida 3-global media forumi bo‘lib o‘tdi.



Tadbirda dunyoning 50 dan ziyod mamlakatidan kelgan 200 nafarga yaqin OAV vakillari, axborot agentliklari va teleradio kanallari rahbarlari, taniqli jurnalistlar, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.

Forumning birinchi kunida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. Muloqotda Ilhom Aliyev asrlar mobaynida bahsli hudud bo‘lib kelgan Qorabog‘da Ozarbayjon hukumatining tashabbusi bilan keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik va obodonchilik ishlari, hududda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, aholining kayfiyati, rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida gapirib, vaziyatdan mamnunligini bildirdi. Ozarbayjon xalqining azaliy orzusi ushalib, Qorabog‘ Ozarbayjon hududining ajralmas qismiga aylangani, bu ota-bobolarning armoni bo‘lganini ta’kidladi.



Prezident jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, jahon siyosatining o‘tkir mavzulari, jumladan, Rossiya-Ukraina urushi, Ozarbayjon va Rossiya munosabatlariga to‘xtalib, o‘z mulohazalarini bildirdi. U Ozarbayjonning O‘zbekiston bilan aloqalariga ham alohida e’tibor qaratib, shu yil iyul oyi boshida O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi davomida kelishilgan loyihalar, hamkorlikni mustahkamlashning istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi. Urg‘ulash kerakki, qariyb uch soat davom etgan muloqot juda samimiy, ochiq ruhda o‘tdi.

Media forumning ikkinchi kuni ommaviy axborot vositalarining dolzarb masalalarga bag‘ishlangan panel muhokamalari bilan boshlandi. Tarkibi dunyoga taniqli jurnalistlar, OAV rahbarlari va vakillaridan iborat ekspertlar guruhi bugungi kunda OAVning jamiyatdagi roli, eng muhim tendensiyalari, rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida fikr almashdi.



"AZERTADJ" axborot agentligi tashkil etilganining 105 yilligi munosabati bilan "Hamkorlikning o‘tmishi, buguni va kelajagi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Dunyoning turli qit’alaridan kelgan ishtirokchilar axborot agentliklari oldida turgan zamonaviy muammolar va ularning rivojlanishiga texnologiyalarning ta’siri mavzularini o‘zaro muhokama qildi.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarning dezinformatsiya tarqalishidagi o‘rni, foydalanuvchilarning xulq-atvori, sun’iy intellektning kontent oqimiga ta’siri, ijtimoiy tarmoqlarda media savodxonlik, raqamli platformalar uchun axloqiy ma’yorlarni belgilash va jamoatchilik ishonchini, shuningdek, OAVga ishonchni saqlab qolish muhim ahamiyatga ega.



Tadbirning uchinchi kunida ham panel muhokamalari tashkil etildi. Ekspertlar va spikerlar raqamli texnologiyalar sharoitida media savodxonlik, media savodxonlik – xavfsizlikning kafolati, ijtimoiy media evolyutsiyasining jamoatchilik ishonchiga ta’siri kabi mavzularda bahs-munozaraga kirishdi. Zaldagilarning faol aralashuvi natijasida panel sessiyalari chin ma’noda jurnalistika bo‘yicha mahorat saboqlariga aylandi.

Shu kuni Ozarbayjon davlat axborot agentligi(AZERTADJ) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi(O‘zA) o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumini imzolash tadbiri ham o‘tkazildi.



Qorabog‘ iqtisodiy zonasidagi Shusha shahri va Lochin tumanidagi madaniy inshootlar va tarixiy binolarga ekskursiya tashkil etildi.  

Shusha media forumi dezinformatsiyaga qarshi kurashish, jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va axborot xavfsizligini ta’minlash, media savodxonlikni o‘rganishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri

Ozarbayjon Shusha – Toshkent.

  

Tags:

0 Comment

Leave a Comment