Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Vengriya milliy taomlar festivalida

By Muxtasar_Qodirova - June 4, 2025, 3 p.m. 291 Views 0 Comment

O'zbekiston vakillari Bach-Kishkun viloyati Kechkemit shahridagi markaziy maydonda bo'lib o'tgan 21-Vengriya milliy taomlari festivalida ("XXI Local Product Hungarikum Festival") birinchi marotaba ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida O'zbekiston milliy stendi tashkil etildi. Unda O'zbekistonning madaniy, tarixiy va turizm salohiyati namoyish etildi.


O'zbekiston milliy stendi festival mehmonlarida katta qiziqish uyg'otdi va tadbirning markaziy elementlaridan biriga aylandi. Tashrif buyuruvchilarga O'zbekistonning boy madaniyati, tarixi va sayyohlik salohiyati taqdim etildi. An'anaviy hunarmandchilik, xalq amaliy san'ati va o'zbek ustalarining qadimiy texnikada yaratilgan nafis buyumlari namoyish etilayotgan ekspozitsiyalarga alohida e'tibor qaratildi.


Shuningdek, ishtirokchilarga o'zbek milliy taomlarini tatib ko'rish imkoniyati taqdim etildi.


Vengriya parlamenti vitse-spikeri Shandor Lejak festivalning ochilish qismidagi nutqida O'zbekiston tomonini ishtirok bilan qutlar ekan, o'zbek xalqining ko'p asrlik madaniy merosiga yuksak baho berdi va respublikaning noyob sayyohlik salohiyatini alohida ta'kidladi. "O'zbekistonning ishtiroki festivalga alohida maqom berdi va ikki davlatning xalq diplomatiyasi orqali yaqinlashishga intilishi ramzidir. O'zbekiston elchixonasi tomonidan o'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari va taomlari munosib tarzda taqdim etildi. Bu vengerlarga buyuk Sharq madaniyati lazzatidan bahramand bo'lish imkoniyatini berdi", – dedi u.


Yurtimiz elchisi Oybek Shaxavdinov o'z chiqishida O'zbekistonning noyob madaniy va tarixiy merosi haqida gapirib, ikki davlat o'rtasidagi madaniy almashinuvni chuqurlashtirish muhimligini ta'kidladi. Elchi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga yaqinda bo'lib o'tgan rasmiy tashrifi O'zbekiston-Vengriya munosabatlari tarixida yangi bosqichni boshlab berganini, keng ko'lamli gumanitar, iqtisodiy va madaniy tashabbuslarni qamrab olgan kengaytirilgan strategik sheriklik yo'lga qo'yilganini alohida urg'uladi. 


Kechkemet shahri merining o'rinbosari Gabor Fekete festivalning ahamiyati yil sayin ortib borayotganini ta'kidladi. "Mazkur festival Vengriyaning barcha hududlaridan vakillarni birlashtirib, milliy madaniyatni xalqaro maydonda targ'ib qilmoqda. O'zbekistonning ushbu tadbirda ishtiroki esa madaniyatlararo hamkorlikni kuchaytirdi, xalq diplomatiyasi va turizm almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar ochdi", dedi Gabor Fekete.


Ikki kun davom etgan festivalda O'zbekiston milliy stendiga mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.


Istvan Molnar, festival mehmoni:

– O'zbekiston haqiqatan ham go'zal mamlakat. Venger va o'zbek xalqlari o'rtasida azaliy do'stona munosabatlar mavjud. Xalqlarning buyuk ko'chish davrida Karpat havzasiga ko'chib kelgan ajdodlarimiz hozirgi O'zbekiston hududidan o'tgan. Bu ma'naviy-tarixiy qarindoshlik bugun ham seziladi. Men barcha vengerlarga ushbu ajoyib mamlakatga tashrif buyurishni maslahat beraman. O'zbekiston haqiqatan ham o'z ko'zingiz bilan ko'rishga arziydi.


Robert Xeteni Marton, festival mehmoni:

 – Men poytaxt Budapeshtdan 80 kilometr uzoqlikdagi Kecskemet shahrida yashayman. Ushbu festivalda O'zbekistonni ko'rish men uchun haqiqiy tuhfa bo'ldi. Bunday tadbirda xorijlik mehmonlar bilan uchrashishni kutmagandim.


Men ko'p sayohat qilaman va ko'plab mamlakatlarda yashadim, shuning uchun ona shahrimdagi xalqaro hamjamiyat bilan muloqot qilishni sog'indim. Bugun esa O'zbekiston diplomatlari bilan muloqotda bo'ldim, mehmondo'stligingizni his qildim, milliy o'zbek taomlarini tatib ko'rdim. Bu aql bovar qilmaydigan ta'mni taqdim etdi. Ular menga juda yoqdi. Bu haqiqiy oshpazlik madaniyati. Ishtirok etganingiz uchun tashakkur. Siz bizning festivalimizni o'zgacha qildingiz.


Tags:

0 Comment

Leave a Comment