Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Shavkat Mirziyoyev Imom Moturidiyga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi

By Muxtasar_Qodirova - April 30, 2025, 4:23 p.m. 50 Views 0 Comment



Hurmatli anjuman qatnashchilari, muhtaram mehmonlar!

Avvalo, siz, azizlarni ilm-ma’rifat va taraqqiyotga ulkan hissa qo‘shgan O‘zbekiston zaminida, uning eng qadimiy shaharlaridan biri – azim Samarqandda buyuk alloma Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyaning ochilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Jonajon Vatanimizga, ulug‘ alloma va mutafakkirlar yurti bo‘lgan go‘zal Samarqand shahriga xush kelibsiz!

“Kalom ilmining sultoni”, “Musulmonlar e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan Imom Moturidiy o‘rta asrlarda – g‘oyaviy kurashlar avj olgan o‘ta murakkab davrda islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng ochib beradigan noyob ilmiy-ma’rifiy asarlar yaratgani, turli zararli oqimlar va jaholatga qarshi mardona kurash olib borgani, hech shubhasiz, chinakam ma’naviy jasorat namunasidir.

Buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va ta’limoti esa e’tiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat timsoli bo‘lib kelayotgani tahsinga sazovordir.

Bu o‘lmas ta’limot muqaddas dinimizning ezgu g‘oyalarini soxtalashtirish, ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga qaratilgan buzg‘unchi harakatlar yangi shakllarda davom etayotgan bugungi kunda yanada dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib borayotganini, siz, hurmatli anjuman ishtirokchilari albatta yaxshi tushunasiz va biz buni yuksak qadrlaymiz.

Muhtaram do‘stlar!

Yangi O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan allomalarning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomlari bilan ataladigan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida ushbu ilmiy markazlar tomonidan Qur’oni karim va boshqa muqaddas diniy manbalarning xorijiy fondlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalari topilib, ularning nusxalari yurtimizga olib kelingani, ilm va ma’rifat rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ zotlarning ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingani bu sohada olib borilayotgan ishlar ko‘lamidan dalolat beradi. Jumladan, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” kitoblari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilinib, keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilganini ta’kidlash lozim.

Biz xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasalari, sizlar kabi musulmon olamida katta nufuzga ega bo‘lgan olimlar bilan hamkorlikda Imom Moturidiyning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosi, ushbu ta’limotning bugungi kundagi ahamiyatini yanada chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Shu maqsadda Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasini keng nishonlash haqida qaror qabul qilib, bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, ulug‘ mutafakkir bobomizning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini kengaytirib, yanada obod ziyoratgohga aylantirish bo‘yicha vazifalarni aniq belgilab oldik.

Ma’lumki, 2020 yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilarining taklifi asosida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan edi.

Bugungi kunda buyuk ajdodimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’rifiy merosning ahamiyati jahon miqyosida tobora ortib borayotganini inobatga olib hamda ushbu Markazning maqomi va nufuzini yanada oshirish maqsadida, yaqinda imzolangan Farmonga muvofiq, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Vazirlar Mahkamasi huzurida qayta tashkil etilganini alohida qayd etmoqchiman.

Ushbu markaz Imom Moturidiy hazratlarining islom dini ravnaqiga qo‘shgan bebaho hissasi va moturidiylik ta’limotini chuqur tadqiq etishda dunyoning turli mamlakatlaridagi olim va ulamolarni birlashtiradigan xalqaro platforma bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, o‘z hayotini ana shunday ezgu ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, azizlarga Imom Moturidiy va O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan boshqa ulug‘ allomalarimizning boy ilmiy-diniy merosini o‘rganish yo‘lidagi mashaqqatli mehnatingiz, izlanish va tadqiqotlaringiz uchun samimiy minnatdorlik bildirib, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi yutuqlar, konferensiya ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Tags:

0 Comment

Leave a Comment