O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil yanvarida Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bandlarida ikki tomonlama adabiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi hamkorligida «Chingiz Aytmatov – turkiy olamning umumiy iftixori» xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. Dastlab tadbir qatnashchilari qirg‘iz adabiyoti namoyondasi CH.Aytmatov haykali poyiga gulchambar qо‘yish marosimiga tashrif buyurdilar.
Anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, O‘zbekiston qirg’iz milliy madaniy markazi raisi va faollari, «O‘zbekiston-Qirg‘iziston» do‘stlik jamiyati, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Elchixonasi, universitet talabalari, Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi delegatsiyasi hamda qirg’iz millatiga mansub aholi vakillari ishtirok etdi. Mazkur anjumanda Qo‘mitadan Millatlararo totuvlik bо‘yicha ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish bо‘limi boshlig’i S. Davlatova ishtirok etdi.
Mehmonlar avvalo universitetda tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. Tadbir doirasida Roza Aytmatovaning “Xat keldi”, Qanibek Imonaliyevning “Qirg‘iznoma” kitoblari taqdimoti ham bо‘lib о‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Ravshan Musurmanov ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarning tobora kengroq tus olayotganligini, Chingiz Aytmatov ijodi xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik timsoli bo‘lib qolganini alohida ta’kidladilar. Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Duyshonqul Chotonov o‘z nutqida Chingiz Aytmatov asarlarida tarannum etilgan ezgulik g‘oyalari umrboqiy ekanligi, adib yaratgan xalqchil adabiy qahramonlar obrazlari butun turkiy xalqlar dunyoqarashi va xarakteri uchun xos ekanligini aytib o‘tdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imonaliyev, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev, Qirg‘iziston xalq shoiri Marqaboy Amatov, «O‘zbekiston-Qirg‘iziston» do‘stlik jamiyati direktori Zuhriddin Isomiddinovlar Chingiz Aytmatov ijodining olamshumul ahamiyati, adib asarlarining xalqchilligi haqida gapirishdi.
Anjumanda Chingiz Aytmatov tavalludining 100 yilligini jahon miqyosida nishonlash va 2028-yilni “Chingiz Aytmatov yili” deb atash to‘g‘risida BMTga taklif jo‘natish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilindi. Tadbir doʻstona va hamjihatlikda yuqori saviyada oʻtkazildi.
0 Comment