Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Shanxay shahrida O'zbekiston milliy pavilyoni ochildi

By Muxtasar_Qodirova - April 27, 2025, 10:16 p.m. 166 Views 0 Comment

Xitoyning Shanxay shahrida O'zbekiston milliy pavilyonining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda Shanxay shahar Pudun tumani savdo komissiyasi, Pudun maxsus iqtisodiy zonasi, Pudun tumani Tashqi ishlar kanselyariyasi, Xalqaro savdoni rivojlantirish bo'yicha Xitoy Kengash, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, "Shanghai Waigaoqiao Group" va boshqa yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Yig'ilganlar uchun O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, investitsion imkoniyatlari va yurtimizda amalga oshirish uchun taklif etilayotgan loyihalar to'g'risida taqdimot o'tkazildi.


"Shanghai Waigaoqiao Group" kompaniyasi vakili Chen Bin o'z nutqida Shanxay shahrida tashkil etilgan "Silk Road E-commerce" platformasi orqali 30 dan ortiq mamlakatlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatganini aytib o'tdi. U O'zbekiston-Xitoy munosabatlari yuksak darajaga ko'tarilganini, respublikamiz investitsiyalar uchun dunyodagi eng jozibador yo'nalishlardan biriga aylanganini qayd etdi.


"O'zbekistonning Shanxayda ochilgan milliy pavilyoni mamlakatlarimiz o'rtasidagi jonli muloqot maydoni sifatida tashkil etildi. U O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi do'stlik ko'prigi bo'lib, ikki tomonlama munosabatlarning ulkan salohiyatini ro'yobga chiqarishga xizmat qilishiga chin dildan ishonaman", dedi Chen Bin.


O'zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan xitoylik tadbirkorlar yurtimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar, davlat tomonidan taqdim etilayotgan bojxona, soliq va transport-logistika imtiyozlari haqida so'zlab berdilar.


Tadbirning madaniy dasturida O'zbekistonning turizm salohiyati oid videolavhalar namoyish qilindi va vatandoshlarimiz ishtirokida o'zbek milliy raqslari ijro etildi.


Bundan tashqari, "Ipak yo'lining choy an'analari – O'zbekiston-Xitoy bir piyolada" madaniy dasturi taqdim etildi. Unda O'zbekistonning boy madaniy merosi, tarixi, milliy an'analari va turizmi to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.


Tags:

0 Comment

Leave a Comment