Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Turkiy dunyo madaniyati, ilm-fani va xalqlar birdamligi

By Muxtasar_Qodirova - April 27, 2025, 9:42 p.m. 164 Views 0 Comment

Avval xabar berganimizdek, YUNESKO tomonidan Umumjahon meros ob’ekti sifatida e’tirof etilgan ko‘hna Xiva shahrida IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida “II Turkiy dunyo madaniyati forumi” o‘tkazildi.

Forum doirasida og‘zaki xalq ijodini saqlash va rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda turkiy dunyo mamlakatlarining taniqli davlat va ilm-fan arboblari ishtirok etdi. Faxriy mehmonlar orasida Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Kerimli, TURKSOY — Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti bosh kotibi Sultan Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Shaxin Mustafayev, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Qirg‘iz Respublikasi  madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati  vaziri o‘rinbosari Gulbara Abdikalikova va boshqa yuqori martabali mehmonlar bor.  

Anjumanning ilmiy qismida Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi davlatlarning yetakchi folklorshunoslari, shu jumladan Karl Reyxel, Fikret Turkmen, Inkyon O, Ogyuz Mehmet Odjal, Metin Ekidji, Anarboy Buldiboy, Gulnor Husainova va boshqa xalqaro olimlarning baxshichilik san’ati tarixi va uning jahon madaniyatidagi o‘rni, nomoddiy merosni saqlash masalalari hamda og‘zaki xalq ijodi an’analarni o‘rganishning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.  



Konferensiyada mamlakatimiz folklorshunoslari ham o‘zlarining baxshichilik san’atidagi dolzarb muammolar va uni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy  maqolalari bilan  faol ishtirok etmoqda.  

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bunday nufuzli forumning aynan Xivada o‘tkazilishida ramziy ma’no mujassam ekanligini ta’kidladi:  

– Xiva nafaqat tarixiy meros durdonasi, balki qadimdan ilm-fan, madaniyat va san’at rivojida muhim rol o‘ynagan ma’naviyat markazidir. Festivalning ushbu shaharda o‘tkazilishi madaniy urf-odatlarimiz davomiyligini hamda ularni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash muhimligini  ko‘rsatadi. Xiva shahrining 2020 yilda “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti”, 2024 yilda “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb  e’lon qilinishi uning madaniy ahamiyati xalqaro darajada e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.  



Madaniyat vaziri so‘nggi yillarda qardosh mamlakatlarda tashkil etilayotgan yirik anjumanlar, ularda ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar ma’naviy birligimizni mustahkamlash, umumiy qadriyatlarimizni saqlash va xalqlarimizni yanada birlashtirishga xizmat qilayotganini ham alohida ta’kidladi. Xususan, Ozarbayjon durdonasi va turkiy  olamning madaniy poytaxtlaridan biri — Shusha shahrida  bo‘lib o‘tgan “I Turkiy dunyo madaniyati forumi” do‘stona munosabatlarni  yanada mustahkamlash va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.  

— O‘zbekiston turkiy tilli davlatlar hamkorligi doirasida tashkil etilayotgan  tadbir va loyihalarda  faol ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatimizda madaniyat va san’at kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ijodiy forumlar muntazam o‘tkaziladi. Yurtimiz olimlari va madaniyat arboblari turkiy tillar va adabiyot rivojiga bag‘ishlangan xalqaro  anjumanlarda faol qatnashmoqda, — dedi O. Nazarbekov.

Madaniyat vaziri “Turkiy adabiyot durdonalari” kitobining 100 jildligi o‘zbek tilida nashr etilgani ushbu hamkorlikning amaliy natijalaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi. Ushbu majmuadan  O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriyadagi 450 dan ortiq klassik va hozirgi zamon ijodkorlarining asarlari joy olgan.  



Anjumanda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi Sultan Rayev ham so‘zga chiqib, O‘zbekistonning turkiy sivilizatsiya rivojidagi alohida o‘rniga to‘xtalib o‘tdi.  

— 30 yildan ortiq faoliyatimiz davomida san’at, til, adabiyot va musiqa orqali  turkiy dunyoning o‘zligini saqlab qolishni eng muhim  vazifamiz deb bilamiz. Ushbu forum biz uchun shunchaki madaniyatlar uchrashuvi emas, balki mushtarak qadriyatlar va istiqboldagi maqsadlarga asoslangan sivilizatsiyaning yangi konsepsiyasini shakllantirish ramzidir. O‘zbekiston buyuk mutafakkir, shoir va faylasuflar vatani sifatida tarixan turkiy-musulmon tamaddun markazida joylashgan. Alisher Navoiy,  Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshbandiy, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk olim va mutafakkirlar bizga sog‘lom tafakkur va yuksak axloq yo‘lini  ko‘rsatgan. Turkiy dunyo ilm-fani va madaniyati beshigi bo‘lmish O‘zbekistonda bunday muhim anjumanda sizlar bilan birga bo‘lish men uchun katta sharaf va baxtdir, — dedi S. Rayev.

— Bizning madaniy merosimiz nafaqat  o‘tmish haqidagi xotira, balki kelajakka yo‘l ko‘rsatuvchi mayoqdir. U o‘zligimizni mustahkamlab, biz uchun ilhom manbai va turkiy dunyoni birlashtiruvchi ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Bugun oldimizda  bu xazinani asrab-avaylash bilan birga  uni boyitish vazifasi turibdi, — dedi Turkiy madaniyat va meros  fondi  prezidenti Aktoti Raimkulova.



U  mazkur fond “Turkiy dunyo nigohi — 2040” va “Turk Time” kabi  strategik hujjatlar hamda turkiy davlatlar rahbarlarining  topshiriqlariga  asosan faoliyat yuritishini qayd etdi.  

— Biz turkiy xalqlarning boy madaniyati va merosini asrab-avaylashga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshiramiz. Turkiy olam restavratorlari, tarixchilari va arxitektorlari uyushmasi tashkil etilgan.  Madaniy merosni asrash masalalariga bag‘ishlangan  anjumanlar o‘tkazildi, — deydi A. Raimkulova.

Jamg‘arma rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning tarixiy yerlari bo‘yicha “Turkiy dunyo karvoni” tashabbusining hayotga tatbiq etilishi muhim voqea bo‘ldi. Bundan tashqari, Ostona deklaratsiyasida ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida yodgorliklarni muhofaza qilish sohasida yangi yo‘nalishlarga asos bo‘lgan Avvakul uy-muzeyini restavratsiya qilish ishlari yakunlangan.  

— Fond O‘zbekiston bilan bog‘liq muhim loyihalarni ham amalga oshirib kelmoqda. Masalan, 2024 yilda “Turkiy meros” nomli ko‘p tilli katalog va raqamli platformani yaratish bo‘yicha turkiy dunyo, shu jumladan O‘zbekiston olimlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Ushbu loyiha  keng jamoatchilikka mintaqamizning boy madaniy resurslaridan  foydalanish imkonini beradi, — dedi A. Raimkulova.


Tags:

0 Comment

Leave a Comment