Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Xivada “II Turkiy dunyo madaniyati” forumi boshlandi

By Muxtasar_Qodirova - April 26, 2025, 9:36 p.m. 208 Views 0 Comment

26-28 aprel kunlari Xivada IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tadi. YUNESKO va ISESCO (Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti) ko‘magida tashkil etilgan ushbu yirik madaniy tadbirda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan 200 nafarga yaqin ishtirokchi jam bo‘ldi.

Festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq har ikki yilda bir marta o‘tkazilib kelinmoqda.



Xususan, 2019 yilda Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan  I  Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida 20 dan ortiq davlatdan folklorshunos olimlar  ishtirok etgan edi. Ikkinchi festival esa 2021 yilda Nukus shahrida tashkil etilib, unda  Qoraqalpog‘istonning  boy madaniy merosi va  baxshichilik san’ati namoyish etilgan. Mazkur madaniy tadbirga  30 dan ziyod mamlakat vakillari tashrif buyurgan edi.  2023 yilgi uchinchi festival  Gulistonda o‘tkazilib, 40 dan ortiq mamlakatdan musiqashunos, folklorshunos va  ijrochilarni bir joyga to‘plagan.

Festivalda doim dunyoning turli nuqtalaridan ilmiy doira  vakillari va ijodkorlar, tadqiqotchi va musiqachilar yig‘ilgan. Navbatdagi to‘rtinchi festival o‘zining boy tarixi va baxshichilik san’ati rivojiga qo‘shgan  hissasi bilan  tanilgan,  Xorazm viloyatining madaniy poytaxti bo‘lmish Xivada o‘tkazilmoqda.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining  2025  yil  19 fevraldagi  topshirig‘i hamda O‘zbekiston madaniyat vazirining  2025 yil  27 martdagi  “IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada  o‘tkazish  to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash, shuningdek ushbu san’atni respublika va xalqaro darajada  keng targ‘ib etish, “ustoz-shogird” an’analari asosida baxshichilik maktablarining noyob  ijro  usullarini tiklash va rivojlantirish  maqsadida “II Turkiy dunyo  madaniyati forumi” va “Yangi O‘zbekistonda  baxshichilik san’ati: zamonaviy  tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.

“II Turkiy dunyo madaniyati forumi” va xalqaro anjuman oldidan O‘zbekiston Respublikasi  Madaniyat vazirligi  matbuot xizmati  rahbari  — madaniyat vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi   Sirojiddin O‘sarov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda festivalning asosiy maqsadlari, uning nomoddiy madaniy merosimizni saqlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi.  

Uch kun davomida Xiva O‘zbekiston va xalqaro maydonda baxshichilik  san’atini rivojlantirish uchun yangi ufqlarni ochib,  ilmiy va ijodiy  muloqot markaziga aylanadi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment