Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Xalqaro yodgorliklar va diqqatga sazovor joylar kuni

By Muxtasar_Qodirova - April 19, 2025, 2:36 p.m. 387 Views 0 Comment

Butun dunyoda har yili 18 aprel — Xalqaro yodgorliklar va diqqatga sazovor joylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu tarixiy sana YUNESKO Assambleyasi tomonidan jahon madaniy merosini muhofaza qilish va asrab-avaylashga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida ta’sis etilgan.

Uch ming yillik tarixga ega yurtimiz o‘zining tarixiy yodgorliklari, mahobatli obidalari, ziyoratgoh qadamjolari bilan dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etib keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 7 mingdan ziyod yodgorlik, shu jumladan, 2 ming 500 me’moriy obida, 2 ming 700 dan ziyod arxeologiya yodgorligi, 1 ming 800 dan ko‘proq monumental san’at asari davlat muhofazasiga olingan. 

Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi ochiq osmon ostidagi muzey shaharlarimiz va qator madaniy yodgorliklarimiz YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatidan joy olgan. Shuningdek, tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan urf-odatlarimiz, xalq ijodiyoti, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati bilan bog‘liq bilimlarga oid nomoddiy madaniy meros ob’ektlari YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. 

Mamlakatimizda tarixiy, madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, ularni o‘z holicha saqlanishiga alohida e’tibor qaratish va ulardan sayyohlik yo‘nalishida samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Avvalo, sohaning huquqiy asoslari mustahkamlanib, Bosh qomusimizda va qator huquqiy hujjatlarda ularni avaylab-asrashga oid qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunda xalqimizning umummilliy boyligi bo‘lmish madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar tartibga solingan. 

O‘zbekiston xalqining boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi noyob hamda nodir madaniy merosni asrab-avaylash, moddiy madaniy meros ob’ektlari hamda YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlar va hududlarni ishonchli muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish, ulardan oqilona foydalanish hamda yurtimizda sayyohlik salohiyatini oshirishda ularning o‘rni va ahamiyatini oshirish maqsadida ilmiy-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. 

Tarixiy obidalarimizning ko‘rku tarovati, mahobati ajdodlarimizning aqlu zakosidan dalolat berib, har qanday insonni hayratga soladi. Shu bois ham har yili sayyohlik mavsumida madaniy ob’ektlarimiz mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi. Yurtimiz o‘tmishiga, obidalarimiz tarixiga qiziquvchilar soni yildan-yilga oshib bormoqda. Bu esa madaniy merosimizdan, yurtimizning sayyohlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish lozimligini anglatadi. 


Tags:

0 Comment

Leave a Comment