Yangi O‘zbekiston” universitetida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli festival bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir mamlakatimizning boy madaniy merosi va milliy sport turlarini namoyish etishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, festival Navro‘zning umumturkiy bayram sifatida xalqimiz va qardosh xalqlar hayotida tutgan o‘rnini yorqin namoyon etdi.
Navro‘z festivalida o‘tkazilgan tadbirning asosiy maqsadi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birdamlikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va targ‘ib qilishdir. Bu tadbir orqali turli millatlar va elatlar o‘z madaniyati, san’ati va an’analarini namoyish etib, bir-birining urf-odatlariga hurmat bilan yondashishadi.
Tadbir davomida yosh avlodga milliy merosimizni yetkazish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar hamda O'zbekiston qirg'iz, turkman, tojik va ozarbayjon milliy madaniy markazlari tomonidan milliy hunarmandchilik ko’zgazmalari va badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Bayram tadbirida O'zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi xodimlari, milliy madaniy markazlar vakillari, universitet xodimlari, ularning oila a’zolari, universitet hamkorlari va talabalardan iborat 2000 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir davomida kuy-qo‘shiq va raqslarga boy milliy chiqishlar namoyish etilib, tomoshabinlarda haqiqiy bayramona kayfiyat uyg‘otdi.
Bayram dasturi turli millat va elat vakillarining bir maydonda bayramni birgalikda nishonlashi o‘zaro hurmat va hamjihatlikni yanada kuchaytirdi. Shu tariqa, Navro‘z haqiqatan ham xalqlar do‘stligi va birdamligining ramzi ekanligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.
0 Comment