O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida "O'zbekiston madaniy merosi — butun insoniyat boyligi. Yangi O'zbekistonning xalqaro loyihalari taqdimoti" mavzusida anjuman o'tkazildi.
Markaz axborot xizmati ma'lum qilganidek, unda mamlakatimizda akkreditatsiyadan etgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bundan sakkiz yil avval O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish g'oyasini BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ma'lum qilgan va jahon hamjamiyatini ma'rifat yo'li bilan jaholatga qarshi kurashishga da'vat etgan edi. Ana shu da'vatning amaliy ifodasi sifatida 2018-yilda dunyoda o'xshashi yo'q megaloyiha – O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish uchun tamal toshi qo'yilgan.
Anjuman ishtirokchilari davlatimiz rahbari tashabbusi va g'oyasi asosida bunyod etilgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o'zbek xalqining boy madaniy-tarixiy merosini yanada targ'ib qilish, asrab-avaylash va kelgusi avlodga yetkazish hamda mamlakat yoshlarining buyuk ajdodlari merosi bilan faxrlanish tuyg'usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladilar.
Pyergabriyele Papadia de Bottini, Italiya elchisi:
– Islom sivilizatsiyasi markazi menda juda katta taassurot qoldirdi. Bu haqiqatan ham ulkan loyiha. Menimcha, butun o'zbek xalqi ushbu markaz bilan faxrlanishi lozim. Men ham ushbu loyihada hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanaman. Shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo'shgan buyuk mamlakat tarixi meni doimo hayratda qoldirib keladi. Biz Sharq olimlaridan biri bo'lgan Ibn Sinoni yaxshi bilamiz va u kabi olimlar yurti bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz.
Shu o'rinda aytishim mumkinki, Italiyaning eng qadimgi Bolonya universiteti kutubxonasi o'zbek olimlari uchun bir milliondan ortiq kitobdan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
Ilham Tuah bin Illias, Malayziya elchisi:
– Malayziya va O'zbekiston ko'plab sohalarda hamkorlik qilishi juda muhim. Ayniqsa, 4-5-fevral kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Kuala-Lumpurga tashrif buyurganidan keyin bu yo'nalishda yangi imkoniyatlar ochildi. Davlatingiz rahbari islom haqida dunyo tasavvurini qayta shakllantirish bo'yicha uzoqni ko'ra oladigan qarashlarga ega. Ayniqsa, dunyoning ayrim qismlarida sof islom dini noto'g'ri talqin qilinayotganini hisobga olsak, bu juda muhim tashabbusdir.
Biz islomning ilm-fan, madaniyat va taraqqiyotga qo'shgan hissasini namoyish etishimiz lozim. Axir O'zbekiston tibbiyot, astronomiya, matematika va ilm-fan sohalarining beshigi bo'lib kelgan.
Bu juda ilhomlantiruvchi holat. Malayziya bu yil ushbu markazda O'zbekiston madaniy merosiga oid nodir va noyob durdonalarni namoyish etishni rejalashtirmoqda.
Guseyn Guliyev, Ozarbayjon elchisi:
– Bu yerda ko'rganlarim tasavvur qilganimdan ham ortiq ekan. Avvalo, binoning o'zi nihoyatda ulug'vor va mahobatli. Bu esa bunyod etilayotgan loyihaning g'oyasi buyukligidan dalolat beradi.
Amir Temur davridan boshlab uning saroyida bizning ilohiyotshunoslarimiz, olimlarimiz, adiblarimiz, faylasuflarimiz faoliyat yuritgan. Shu bois, Ozarbayjonning O'zbekiston bilan aloqasini alohida ta'kidlamaslikning iloji yo'q.
Konstantin Obolenskiy, Shveysariya elchisi:
– O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish men uchun juda ulkan tajriba bo'ldi. Menga binoning arxitekturasi juda yoqdi. Bu haqiqatan ham go'zal imorat ekan. To'g'ri, hali qurilish ishlari tugallanmagan, ammo mening ko'rganlarim juda mahobatli. Uning ustida eng mohir ustalar mehnat qilishgan.
Ekspozitsiyaning o'zi ham juda qiziqarli ekan. Yoshlar ham, kattalar ham dunyo islom sivilizatsiyasi haqida ko'p ma'lumot olishlari mumkin. Shu bois, ushbu loyihani juda yaxshi tashabbus, deb hisoblayman.
Bunday markazning mavjudligi O'zbekistonning o'ziga xosligini namoyon etishda juda muhim. Men buni oldin ham ta'kidlaganman. Menimcha, odamlar o'z madaniyati, tarixi, dini haqida ko'proq ma'lumotga ega bo'lishi juda foydalidir.
0 Comment