30-mart kuni poytaxtimizdagi “Navro‘z” bog‘ Shinjon mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Xitoy Xalq Repsublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz, Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchisi Yuy Szyun va boshqa rasmiylar hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani, bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yaqin, samimiy va birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi.
Ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy, shu bilan birga, hududlararo hamkorlik izchil rivojlanib borayotganiga urg‘u berildi.
ShUAR Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz, Shinjon “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusida ishtirok etuvchi davlatlar, ayniqsa Markaziy Osiyoning beshta respublikasi bilan hamkorlikni rivojlantirayotganini qayd etdi. U ikki davlat rahbarlari erishgan muhim kelishuvlar bundan buyon ham amalga oshishiga, Xitoy Shinjoni bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona almashinuvlar, qishloq xo‘jaligi, energiya resurslari, ishlab chiqarish, transport hamda logistika, madaniyat, turizm, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida hamkorlik kengayishiga ishonch bildirdi. Erkin Tuniyaz shuningdek, O‘zbekiston korxonalarini Shinjonda sarmoya kiritish va tadbirkorlik faoliyatini boshlashga taklif qildi, buning uchun yuqori sifatli bozor huquqiy va xalqaro biznes muhiti yaratiganini qayd etdi.
Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchisi Yuy Szyunning ta’kidlashicha, keyingi yillarda Shinjon bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik turli sohalarda sezilarli darajada mustahkamlanib, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari oshdi. U ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish uchun oʻzbekistonlik hamkorlar bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini taʼkidlab, Shinjon Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning namunasi boʻlishini taʼkidladi.
Ko‘rgazmada shuningdek, Shinjonning 100 ga yaqin kompaniyalari qatnashayotgani, Xitoy delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi chog‘ida Toshkent va Samarqandda bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuv hamda muzokaralar davomida yangi kelishuvlarga erishilgani ma'lum qilindi.
Qayd etish kerak, tadbirda Xitoyning Shinjon hududidan tashrif buyurgan ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda. Jumladan, innovatsion texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, avtomobilsozlik, energetika, aviasozlik, xizmat ko‘rsatish, to‘qimachilik, ta’lim, tibbiyot va ishlab chiqarishga oid bir qator ustuvor yo‘nalishlardagi mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada quyosh modullarining yirik ishlab chiqaruvchisi va energiyasi loyihalarini amalga oshiruvchi brendlar ham ishtirok etdi. Masalan, "Susin" Shinjon energetika texnologiyalari mas'uliyati cheklangan jamiyati.
Kompaniya vakilining ma'lum qilishicha, xonadonlar uchun mo‘ljallangan quyosh panellaridan tortib oddiy telefon uchun quvvatlash moslamasigacha ishlab chiqariladi va eksportga tayyor.
Tan Syui
"Susin" Shinjon energetika texnologiyalari mas'uliyati cheklangan jamiyati direktor va muhandisi:
"O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ayni sohada katta ishlar qilinganini eshitdik. Biz ham energetika soxasidagi loyihalarda ishtirok etmoqchimiz. Oddiy xonadonga quyosh panellari o‘rnatishdan murakkab loyihalargacha tayyormiz. Yaqin kunlarda Samarqand shahrida o‘ziga xos loyihani amalga oshirmoqchimiz. Hamkorlar bilan ishlashga tayyormiz"
Shuningdek ma'lum qilinishicha, ushbu shirkat tomonidan ishlab chiqarilgan quyosh panellari 25 yillik kafolatga ega. Akkamulyatorlarga esa 5 yillik kafolat berilar ekan.
"LuSinFenChi" xalqaro logistika guruhi tadbirda o‘ziga xos taklif bilan ishtirok etmoqda. Ayni mas'uliyati cheklangan jamiyati Urumchidan O‘sh shahri orqali poytaxtimiz Toshkentga mahsulotlarni yetkazib berishga tayyor.
Li Szi
"LuSinFenChi" mas'uliyati cheklangan jamiyati biznes boshqaruvchisi:
"Avtomobildan tortib istalgan turdagi mahsulotlarni biz xavfsiz barcha huquqiy normalarga rioya qilgan holda yetkazib berishga tayyormiz. Bunda ikki xil marshrutdan foydalanamiz. Birinchisi Qirg‘iziston orqali bo‘lsa, ikkinchisi Qozog‘iston yo‘llaridan. Tadbirda hamkorlarimiz sonini ko‘paytirish niyatidamiz"
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘zaro savdosining qariyb 10 foizi shu hududga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma 1 aprelga qadar davom etadi.
0 Comment