21-fevral kuni мamlakatimizda “Xalqaro ona tili kuni” keng nishonlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Til-xalqlarni birlashtiruvchi kuchdir” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistondagi o‘nlab milliy madaniy markazlarning faollari, mamlakatimizdagi xorijiy elchixonalarning rahbarlari va vakillari, o‘quvchi hamda talaba yoshlar ishtirok etishdi. Dastlab qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov bugungi bayraming xalqaro ahamiyati haqida gapirdi.
Maʼlumki, har bir millatning ona tili o‘sha xalq hayotida ulkan tarixiy ahamiyatga ega. Uning millat, davlat va jamiyat taraqqiyotida tutgan o‘rni beqiyosdir. Shu bois ham xalqaro YUNESKO tashkiloti o‘zining 1999-yilda bo‘lib o‘tgan bosh konferensiyasida 21-fevralni butun dunyoda “Xalqaro ona tili kuni” deb eʼlon qilgan edi va mana, 26 yildirki, taraqqiyparvar insoniyat ushbu kunni katta bayram sifatida keng nishonlab kelmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, hozirda yer yuzida 6 mingdan ziyod so‘zlashuv tili mavjud bo‘lib, uning 90 foizi o‘zaro muloqotlarda keng ishlatilmaydi, aksincha, so‘nggi o‘n yilliklarda yo‘qolib borish jarayoniga yuz tutgan. Va aksincha - turkiy tillar turkumiga kiruvchi o‘zbek tili mamlakatimizning mustaqillik yillarida o‘zining yuqori rivojlanish boqichiga kirdi. Yurtimiz aholisining 80 foizdan ziyodi ana shu davlat tilida so‘zlashadi.
O‘z navbatida davlatimiz
hududidada yashayotgan yana 130 dan ortiq millat va elatlarning ona tillari
rivojiga ham katta eʼtibor qaratillmoqda va bu tamoyillar mamlakatimiz
qonunlarida alohida belgilab qo‘yilgan. Qardosh qoraqalpoq, tojik,qozoq,
qirg‘iz, turkman, tatar, rus, koreys va boshqa ko‘plab tillarda
so‘zlashuvchi insonlar bunday g‘amxo‘rlikka o‘z kundalik hayotlarida guvoh
bo‘lmoqdalar.
Tadbirda ana shu muhim jihatlar haqida gapirildi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpuslarning rahbarlari va vakillari ham so‘zga chiqib, barcha yurtdoshlarimizni ushbu bayram bilan qizg‘in tabrikladilar. Tadbir so‘ngida qatnashchilarga katta konsert dasturi namoyish qilindi.
Muallif Haydarali MAMATOV
0 Comment