Jumladan, markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Italiya bo‘ylab xizmat safari davomida mamlakatning bir qator shaharlaridagi muzey va kutubxonalardagi O‘zbekiston madaniy merosiga oid nodir durdonalarni o‘rganmoqda.
Xususan, hay’at vakillari Rim shahridagi Aaron xususiy kolleksiyasiga borishdi. Mazkur kolleksiyaga o‘tgan asrning 70 yillarida taniqli kolleksioner Armando Tagliokotsso tomonidan asos solingan bo‘lib, u Musulmon Sharqiga tegishli bo‘lgan xalq amaliy san’ati namunalarini o‘z ichiga oladi.
“Kolleksiyamizda hozirgi Eron, Hindiston, Yaqin Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyoga tegishli bo‘lgan 100 dan ortiq nodir eksponatlar saqlanadi, — deydi Aaron kolleksiyasi kuratori Veronika Pristini. — Ular orasida bevosita O‘zbekiston madaniy merosiga aloqador bo‘lgan bir qator tarixiy buyumlar ham bor va ular kolleksiyamizning eng nodir eksponatlari qatoridan joy olgan”.
Mazkur kolleksiyada XI asr o‘rtalarida hozirgi Karmana hududlarida, Qoraxoniylar davriga tegishli bo‘lgan kumush idish ham saqlanadi. Mazkur idish gardishida arab tilida kufiy xatida “ushbu mulk mo‘’minlar amirining yaqin do‘sti To‘g‘rul Qoraxoqonga tegishli” degan mazmundagi bitiklar o‘yib yozilgan. Shuningdek, kolleksiyadan somoniylar davrida mansub bo‘lgan ming yillik sopol buyumlar, Xorazmshohlar davrida ishlangan oltin lagan va boshqa ashyolar saqlanmoqda
Shuningdek, delegatsiya vakillari Bolonya universiteti kutubxonasida bo‘lib, bu yerdagi nodir qo‘lyozmalar bilan tanishdilar, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida. Delegatsiya a’zolarini Bolonya universiteti kutubxonasi prezidenti, professor Franchesko Chitti, bosh koordinator Maria Torrichelli, nodir manbalar bo‘limi boshlig‘i Jovanna Flamma va boshqa mutaxassislar kutib olishdi.
Bolonya shahrida 1088 yilda ochilgan bu oliy ta’lim dargohi dunyodagi eng qadimiy universitet hisoblanadi. Uning kutubxonasi ham salkam 300 yillik tarixga ega. Ular orasida Sharq kitobat san’atiga tegishli bo‘lgan ko‘plab arab va fors tillaridagi manbalar, xususan 200 ga yaqin turkiy tildagi qo‘lyozmalar ham saqlanadi.
Kutubxona mutasaddilari bilan uchrashuv paytida delegatsiya a’zolari keyingi yillarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy merosimizni o‘rganish va asrash, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti va faoliyatini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida ma’lumot berdi.
Kutubxonada buyuk alloma Abu Ali ibn Sino qalamiga mansub “Tib qonunlari” asarining ikkita qadimiy qo‘lyozmasi saqlanadi. Mazkur qo‘lyozmalar XIV-XV asrlarda ko‘chirilgan. Shuningdek, qo‘lyozmalarga mohir rassomlar tomonidan bir qancha miniatyuralar ishlangan. Qo‘lyozmalarda Fransiya Milliy kutubxonasi muhrini ham ko‘rish mumkin.
“Bir paytlar bu kitoblar Fransiya imperatori Napoleon Bonapart tomonidan Parijga olib ketilgan, — dedi kutubxonaning nodir manbalar bo‘limi boshlig‘i Jovanna Flamma. — 1885 yilda italiyalik ma’rifatparvarlarning sa’y harakatlari natijasida bu durdonalar yana Bolonyaga olib kelingan. Bu esa Yevropada Ibn Sino asarlari qanchalik qadr-qimmatga, muhim ahamiyatga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ibn Sinoning ushbu asari Yevropada kitob nashr qilish texnologiyasi paydo bo‘lganidan so‘ng “Injil”dan keyin nashr qilingan ikkinchi manba hisoblanadi. Aynan shu asarning Yevropa tillariga tarjima qilinishi va ko‘plab nusxalarda nashr qilinishi keyinchalik Ko‘hna qit’ada vabo, o‘lat singari mudhish epidemiyalarga qarshi kurashda qo‘l kelgan, minglab insonlar hayoti saqlab qolingan.
Kutubxonada XVII asr boshlarida ko‘chirilgan, Abdurahmon as-Sufiyning “Kitabi sivaril kavokib as-sabita” (Qo‘zg‘almas yulduzlar tasvirlari haqidagi kitob) asari nusxasi saqlanadi. Ma’lumki bu asar as-Sufiy tomonidan X asrda, Somoniylar davrida yaratilgan bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek topshirig‘iga asosan 1434 yilda Samarqandda qayta ko‘chirilgan.
Tadbir davomida mazkur kutubxona fondidagi nodir manbalar, ushbu ma’rifat maskanining xalqaro aloqalari haqida so‘z yuritildi. Kelgusida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xodimlarini ushbu qo‘lyozmalarni chuqurroq o‘rganish uchun yuborishga kelishib olindi, deyiladi ma’lumotda.
0 Comment