Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Jidda shahrida Islom olami madaniyat vazirlari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

By Muxtasar_Qodirova - Feb. 16, 2025, 12:35 a.m. 891 Views 0 Comment

Saudiya Arabistoni Jidda shahrida Islom olami madaniyat vazirlari 13-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjuman doirasida Islom olami Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO bosh direktori doktor Salim bin Muhammad Al Malik O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashib, qo‘mita tashkil etish masalasini muhokama qildi. Bu haqda SPA axborot agentligi yozdi.

Tuzilajak qo‘mita ICESCO Madaniyat poytaxtlari dasturiga asosan, 2025 yil Islom olami madaniyat poytaxti sifatida Samarqandda nishonlanadigan tadbirlarni nazorat qiladi. Ko‘hna shahrimiz boy madaniy merosi namoyish etiladigan mazkur loyiha muvaffaqiyatini ta’minlash yo‘llarini o‘rganadi.
Vazirimiz islom qadriyatini saqlash va rivojlantirish, musulmon davlatlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, ICESCO nafaqat ta’lim, fan va madaniyat, balki ekologiya, sun’iy intellekt hamda zamonaviy texnologiya sohalarida ham yirik loyihalar, ilg‘or tashabbuslar ilgari surayotganini e’tirof etdi.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston tomoni quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi:

ICESCO tarkibidagi davlatlar madaniyat vazirlarini yurtimizga taklif etib, ularni diyorimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirish;

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida islomiy qo‘lyozmalarni o‘rganish va saqlashga ko‘maklashadigan ICESCO mintaqaviy markazini ochish;

ICESCO qarorgohida o‘zbek olimlari ilmiy merosiga bag‘ishlangan islom dunyosi ulamolari konferensiyasini uyushtirish.

Ozodbek Nazarbekov Islom olami madaniyat vazirlari 13-konferensiyasi doirasida Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligi madaniyat vaziri shahzoda Badr bin Abdulloh bin Farxon bilan ham uchrashdi.

Muloqot davomida ikki do‘st davlatning madaniyat va san’at sohalaridagi sherikligi va madaniy almashinuvini rivojlantirish, madaniy tadbirlar va festivallarda qatnashish, xalqlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘tarildi.

                                                                                              
Tags:

0 Comment

Leave a Comment