Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasi 30 yoshda

By Farangiz_Amirkulova - Feb. 10, 2025, 10 a.m. 1,132 Views 0 Comment

O'zbekistonning Pokiston Islom Respublikasidagi elchixonasi ochilganiga 30 yil to'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab ochiq va pragmatik tashqi siyosat yo'lini tanlab, xorijiy mamlakatlar, birinchi galda, qo'shni mintaqalardagi davlatlar bilan diplomatik munosabatlarni yo'lga qo'yish yo'lidan bordi.


Pokiston 1991-yil 20-dekabrda birinchilar qatorida O'zbekiston mustaqilligini tan olgan davlatlar qatoriga kiradi.


Ikki mamlakat 1992-yil 10-mayda Ashxobod shahrida diplomatik munosabatlarni o'rnatish to'g'risida protokolni imzolagan. Bu ular o'rtasida barcha yo'nalishlarda aloqalarni yo'lga qo'yishning mustahkam asosini yaratdi.


1995-yil 9-fevral kuni esa Pokistonda mamlakatimizning elchixonasini tashkil etish to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 40-sonli qarori qabul qilingan. Bu qarorda Islomoboddagi diplomatik vakolatxonaning huquqiy maqomi belgilab berilib, hujjat O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishni maqsad qiladi.


Elchixonaning ochilishi siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ta’lim, ilm-fan va turizm sohalarida aloqalarni rivojlantirish uchun muhim qadam bo'ldi.


O'tgan yillar mobaynida diplomatik vakolatxonaga Naim Gaibov (1994-1997), Shuhrat Kabilov (1997-2004), Anvar Salixbayev (2004-2005), Oybek Usmanov (2006-2012, 2020-2024), Parviz Aliyev (2013-2015), Furqat Sidiqov (2016-2020) rahbarlik qilgan.


2024-yil 6-oktabr kuni Alisher To'xtayev Islomobod shahriga yetib kelib, O'zbekistonning Pokistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimini bajarishga kirishdi.


O'tgan davr mobaynida O'zbekiston va Pokiston ikki va ko'p tomonlama formatlarda o'zaro hamkorlikni izchil rivojlantirib bormoqda. Bunda oliy darajadagi muloqot, jumladan o'zaro tashriflar, davlat rahbarlari o'rtasidagi muzokaralar, onlayn uchrashuvlar, telefon suhbatlari, xalqaro tadbirlar doirasidagi do'stona muloqot o'zaro ishonch va manfaatlarni hurmat qilishga asoslangan diplomatik munosabatlarni shakllantirishda muhim o'rin tutadi.


1992-yil avgust, 2006-yil may va 2022-yil 3-4-martda O'zbekiston Prezidentining Pokistonga oliy darajali tashriflari amalga oshirilgan.


Pokiston prezidentlari Faruq Legari (1996), Pervez Musharraf (2005), Asif Zardari (2010), Mamnun Husayn (2016), bosh vazirlari Navaz Sharif (1992), Benazir Bhutto (1995 yilda ikki marta), Imron Xon (2021), Shahboz Sharif (2022), Anvar ul-Haq Kakar (2023) ikki va ko'p tomonlama tadbirlarda ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan.


2021 yilda O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi diplomatik munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko'tarilgan.


Shuningdek, tomonlar mintaqaviy va global masalalarda o'zaro kelishilgan pozitsiyalarni ilgari surish choralarini ham ko'rmoqda. Birlashgan millatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham aloqalar jadallik kasb etib, qo'shma tashabbuslar amalga oshirilmoqda.


Savdo-iqtisodiy aloqalar hamkorlikning asosiy yo'nalishlaridan biridir. Bu boradagi munosabatlarga yangicha tus berish, o'zaro tovar aylanmasi hajmlarini va nomenklaturasini oshirish maqsadida uchun "Tranzit savdo to'g'risidagi" (2021) hamda "Imtiyozli savdo to'g'risidagi" (2022) bitimlar imzolanib, kuchga kiritilgan.


Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlarining oliy darajali muloqotlari chog'ida o'zaro savdoni 1 milliard AQSh dollariga yetkazish bo'yicha kelishuvga erishilgan bo'lib, uning amaliy ijrosini ta’minlash bo'yicha tegishli "Yo'l xaritasi" ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu ko'zlangan marrani o'z vaqtida va samarali amalga oshirish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.


Shuningdek, qo'shma loyihalarni ro'yobga chiqarish, yangi bozorlarga birgalikda qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar bilan kirib borish maqsadida tomonlar o'rtasida sanoat kooperatsiyasi to'g'risidagi "Yo'l xaritasi" loyihasi ham ishlab chiqilgan bo'lib, hozirda mazkur hujjat o'zaro kelishilmoqda.


Ikki davlat qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, farmatsevtika, terini qayta ishlash, kimyo sanoati sohalarida hamkorlik jadal kengayib bormoqda. "Shimol-Janub" yo'nalishida transport-logistika yo'laklarini shakllantirish, jumladan, Transafg'on temir yo'lini qurish bo'yicha birgalikda ishlar olib borilmoqda.


Pokiston portlari O'zbekiston uchun dunyo okeanlariga chiqish uchun eng qisqa yo'l hisoblansa, o'z navbatida, yurtimizning xalqaro tranzit xabi sifatidagi geoiqtisodiy salohiyati pokistonlik ishlab chiqaruvchilarga MDH, Sharqiy Yevropa, Uzoq Sharq mamlakatlari bozorlariga o'z tovarlarini quruqlik orqali tez va qulay yetkazish imkonini beradi.


Ushbu ko'rilgan choralar natijasida so'nggi sakkiz yilda o'zaro savdo hajmlari 2016-yildagi 35 million AQSh dollaridan 2024 yil yakunlari bo'yicha 404 million AQSh dollariga yetkazildi, deyarli 12 baravar o'sish ta’minlandi.


Bu boradagi ishlar yanada jadallashtirilib, qisqa fursatlarda 500 million AQSh dollarlik maqsadli marrani zabt etish uchun barcha choralar ko'rilmoqda.


Xususan, 2024-iyun oyida Toshkentda "Made in Pakistan" sanoat ko'rgazmasi tashkillashtirildi. Hozirda elchixona mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda joriy yil 11-13-fevral kunlari Pokistonning Lahor shahrida "Made in Uzbekistan" sanoat ko'rgazmasini, uning doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlari vakillari ishtirokida "G2B" va "B2B" shakllarida muzokaralarni tashkillashtirish ustida ishlamoqda. Shu maqsadda yurtimizdan 150 dan ortiq tadbirkorlarni o'z ichiga olgan nufuzli delegatsiyaning Pokistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.


Elchixona faoliyatining yana bir ustuvor yo'nalishi ikki mamlakat o'rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, ta’lim, san’at, sport, va turizm yo'nalishlarida qo'shma loyihalarni amalga oshirilishiga ko'maklashish, xalq diplomatiyasini mustahkamlash hisoblanadi.


Hozirda davlatlarimiz o'rtasida turistlar oqimini oshirish, ikki tomon oliy ta’lim muassasalari o'rtasida hamkorlikni kengaytirish, qo'shma akademik loyihalarni, professor-o'qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturlarini amalga oshirish, o'zaro "madaniyat kunlari", san’at ustalari delegatsiyalari tashriflarini tashkillashtirish, ko'rgazmalar va festivallar o'tkazish bo'yicha Pokiston vazirlik va idoralari bilan muzokaralar olib borilmoqda.


Xulosa qilib, so'nggi 30 yil davomida O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ikki davlat o'rtasida barcha jabhalardagi aloqalarni mustahkamlash, strategik sheriklikni chuqurlashtirish ishiga munosib hissa qo'shib kelayotganini, kelgusidagi ustuvor rejalar amalga oshirish va maqsadli ko'rsatgichlarga erishishda bor kuchini safarbar etishga, pokistonlik hamkorlar bilan o'zaro munosabatlarning, jumladan iqtisodiy diplomatiya yo'nalishida yangi istiqbolli tarmoqlarni izlab topishga tayyorligini aytish mumkin.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment