Bugun “O‘zbekiston” jurnali tahririyati ijodiy xodimlari, faol mualliflar ishtirokida O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari hamkorligida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida “O‘zbekiston” jurnali faoliyati, ushbu nashrda chop etilayotgan materiallarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. So‘zga chiqqanlar tomonidan e’tirof etilganidek, “O‘zbekiston” jurnali o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr qilinayotgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 55 ta davlatiga yuboriladi. Ushbu ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy jurnalda mamlakatimiz hayoti, yurtimiz bilan dunyoning ko‘plab davlatlari o‘rtasida olib borilayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlik, ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar singari qator mavzulardagi suhbatlar, sharhlar, maqolalar berilib boriladi.
Respublikamizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik, bag‘rikengilik, mehr-oqibat mavzulari keng yoritilib boriladi.
Professor-o‘qituvchilar, bo‘lajak jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ijodiy muloqot davomida ularni qiziqtirgan savollarga tahririyat ijodiy xodimlari tomonidan aniq ma’lumotlarga asoslangan javoblar qaytarildi.
Talaba yoshlar bilan mazmun-mohiyatiga ko‘ra samarali o‘tgan uchrashuvda turli tillardagi she’rlar o‘qildi, ijodiy jarayonlar haqida ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari tomonidan ana shunday uchrashuvlarni kelgusida ham muntazam tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muallif E.Xo‘jamurodov
0 Comment