Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Qirg'izistonning O'sh shahrida vatandoshlar ishtirokida madaniy-ma'rifiy kecha o'tkazildi

By Farangiz_Amirkulova - Dec. 18, 2024, 11:52 a.m. 853 Views 0 Comment

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O'sh davlat akademik musiqali drama teatrida "UTRK-Osh" telekompaniyasi va "Intimak" radiosi hamda O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Qirg'izistondagi vakili bilan hamkorlikda madaniy-ma'rifiy kecha bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda vatandoshlar, jamoat faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.


Bayram kechasini ochib bergan "UTRK-Osh" telekompaniyasi direktori Muratbek uulu Ermek tadbirni o'tkazishda yaqindan yordam bergan Bosh konsulxonaga chuqur minnatdorlik bildirdi.


Uning ma'lum qilishicha, UTRK-Osh" telekompaniyasi va "Intimak" radiosida qirg'iz, o'zbek va rus tillarida ko'rsatuvlar va radioeshittirishlar olib boriladi. Bugungi kunda turli millat va elat vakillarining do'stligi, madaniyati va hayot tarziga oid dasturlar ishlab chiqilib, tomoshabinlarga doimiy ravishda namoyish qilinmoqda.


Shuningdek, tadbir davomida turli sohalarda yutuqqa erishgan, jamoat ishlarida faol va tashabbuskor bo'lgan vatandoshlar so'zga chiqdi, san'at va so'z ustalarining kuy-qo'shiqlari yangradi hamda yil mobaynida yutuqlarga erishgan 28 nafar vatandoshlarga diplom va tashakkurnomalar hamda Bosh konsulxona va O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Qirg'izistondagi vakili homiyligida esdalik sovg'alar berildi.


"Vatandoshlar" jamoat fondining Qirg'izistondagi vakili Isroiljon Xamidjonov "Dunyo" AA uchun intervyusida fikrlarini bildirdi:

— Men, "Vatandoshlar" jamoat fondining vakili sifatida 4-5 yildan buyon faoliyat yuritib kelaman. Asosiy mehnat faoliyatim mamlakatning janubiy mintaqalarida yashaydigan o'zbeklarning ishtiroki bilan bevosita bog'liq.


O'sh shahrida O'zbekiston Bosh konsulxonasining bugungi kunda xorijdagi vatandoshlar bilan olib borayotgan faoliyatini yuqori baholayman.


Konsulxona ochilgandan buyon, yil davomida madaniy-ma'rifiy tadbirlar, sport musobaqalari o'tkazish orqali, o'zbek-qirg'iz millatlari o'rtasida do'stlik rishtalarini yana-da mustahkamladik.


Kuzatishlarimga ko'ra, ushbu hududlarda yashaydigan millatdoshlarim orasida o'zining shaxsiy hayotidagi hamda jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatidagi tutgan o'rni bilan o'rnak bo'ladigan, shuningdek ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa yo'nalishlarda yuqori marralarni zabt etganlar bor. Bugungi tadbirda bu kabi vatandoshlarimning jamiyatdagi o'rni, xalq orasidagi hurmati yuksak baholanayotganligidan g'oyat mamnunman.


Ishonchim komilki, ular kelgusida ham O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi diplomatik aloqalar, savdo-iqtisodiy munosabatlar, turizm va boshqa sohalarni yana-da rivojlantirishga o'z hissalarini qo'shadi.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment