Uzbekjournal.uz – Follow the latest news about the life of our country

Dehlidan munosabat: Biz O'zbekiston bilan yaqin hamkorligimizni izchil davom ettirishdan manfaatdormiz

By Farangiz_Amirkulova - Nov. 25, 2024, 9:50 a.m. 1,010 Views 0 Comment

Umumhindiston sanoat uyushmasi prezidenti Vijay Kalantri "Dunyo" AA uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18-20-noyabr kunlari O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida so'zlagan dasturilamal nutqlari haqida o'z fikrlarini bildirdi:

- 2024-yil O'zbekiston hayotining barcha jabhalarida ulkan o'zgarishlar amalga oshirildi. Oktyabr oyining so'nggi yakshanba kuni bo'lib o'tgan parlament saylovi ular orasida alohida ahamiyatga ega. Chunki uning natijalariga ko'ra Oliy Majlis palatalarining yangi tarkibi tashkil topdi va, o'z navbatida, parlament mamlakat yangi hukumatini tasdiqladi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Qonunchilik palatasi va Senat yig'ilishlaridagi dasturilamal nutqlarida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.


Ular orasidagi eng muhimlaridan biri – bu, albatta, kelgusi besh yilda mamlakat iqtisodiy o'sish sur'atini 6-7 foiz atrofida ta'minlash zarurligidir. Ushbu sa'y-harakatlar "O'zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan ulkan marra - yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishdek maqsadga erishish uchun qulay asos yaratadi.


O'zbekistonda aholini kambag'allikdan chiqarish bo'yicha ko'rilayotgan amaliy chora-tadbirlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilmoqda. Biz 2025 yilda yana bir million kishi ushbu islohotlar samarasini o'z turmush darajasi o'zgarganida ko'rishiga ishonamiz.


Davlatlarimiz yetakchilarining sa'y-harakatlari bilan so'nggi yillarda Hindiston-O'zbekiston hamkorligi mazmunan va sifat jihatidan yangi darajaga ko'tarildi.


Bugun O'zbekistonda 300 dan ortiq o'zbek-hind qo'shma korxonasi faoliyat yuritmoqda. 2025-yilda mamlakatingiz iqtisodiyoti uchun muhim bo'lgan yangi yirik loyihalarni ishga tushirish jarayonida Hindiston ishbilarmon doiralari vakillari ham faol ishtirok etadi.


O'zbekistonda har yilga ma'lum bir nom berish va ushbu g'oya atrofida mamlakatni yanada rivojlantirishda jipslashishdek yaxshi an'ana mavjud. 2025 yil mamlakatda "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" deb e'lon qilindi.


Ushbu qaror ham O'zbekistonda so'nggi yillarda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlar mazmun-mohiyatini ifoda etdi.


Biz O'zbekiston bilan yaqin hamkorligimizni izchil davom ettirishdan manfaatdormiz va yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

Tags:

0 Comment

Leave a Comment