BMT Bosh assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. 2019-yildan beri davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu sana O‘zbekistonda haftalik tarzida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu yil ham ushbu an’ana davom etib “Bag‘rikenglik haftaligi” bo‘lib otmoqda. 7 kun davomida haftalik doirasida Xalqaro press-klub sessiyasi, davra suhbatlari, konferensiyalar, fotoko‘rgazma va boshqa madaniy-ma’rifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkaziladi.
Davlatimiz milliy siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biri barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishdir.
Mazkur muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qator tashkilotlar bilan birga Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab mamlakatimizda 11–16-noyabr kunlari “Bag‘rikenglik haftaligi”ni o‘tkazadi.
Haftalikning asosiy maqsadi aholi, shu jumladan bolalar va yoshlarda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, sha’n va qadr-qimmat, fuqarolik mas’uliyati, shuningdek bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuyg‘usini mustahkamlash orqali ularning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilish.
Dastur doirasida joriy yilning 11-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Press-klub sessiyasida Millatalararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, Respublika turkman madaniyat markazi raisi, Oliy Majlis deputati Guldana Avezdurdiyevalar spiker sifatida qatnashdilar.
Ular demokratik prinsiplardan biri sifatida bag‘rikenglik nafaqat davlat, balki shaxsiy, kishilar guruhlari darajasida ham yanada ko‘prok qaror topayotganligini ta’kidlab o‘tishdi.
Shu kuni Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turli millat va diniy konfessiyalar vakillari ishtirokida Mustaqillik monumentiga gulchambar qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Millatlararo munosabatlar va din ishlari bo‘yicha qo‘mitalar rahbarlari va xodimlari, milliy madaniy markazlar hamda diniy konfessiya vakillari, shuningdek, shahar ahli va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
E. Xo‘jamurodov, bosh muharrir
0 Comment