Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O'zbekistonda mazmunan yangi va texnologik saylovlarga start berilgani Janubiy Koreya matbuoti nigohida

By Farangiz_Amirkulova - 29-Iyul, 2024-yil 15:04 842 Koʻrishlar 0 Izoh

Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlaridan biri "Diplomacy Journal" jurnali rasmiy saytida O'zbekistonda mazmunan yangi va texnologik saylovlarga start berilgani haqida maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda qayd etilishicha, 26-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi va bir qator tadbirlari bo'lib o'tdi.


"Joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovini Konstitutsiya va qonunlarga to'la muvofiq holda yuqori saviyada o'tkazish kun tartibining asosiy masalasi bo'ldi. O'zbekiston Konstitutsiyasining 128-moddasiga ko'ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi ularning vakolat muddati tugaydigan yil oktyabr oyining uchinchi o'n kunligi birinchi yakshanbasida o'tkazilishi belgilangan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024-yilda tugashini inobatga olib, saylovlar joriy yilning 27-oktyabrida o'tkazilishi va saylov kampaniyasi 26-iyuldan boshlanishi haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi", deyiladi maqolada.


Ta'kidlash kerakki, ushbu saylovlar O'zbekiston Konstitutsiyasida belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o'tkazilayotganligi alohida ahamiyat kasb etadi.


Majlisda mazkur saylov mamlakatda demokratik davlatchilikning yorqin namunasi, fuqarolarimizning saylash va saylanish, davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirishda ishtirok etishga bo'lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro'yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida ta'kidlandi.


"Saylovda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 56 nafar a'zosi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi 65 nafar deputati, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) Kengashlari deputatlari saylanadi. Shunga ko'ra, 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 mingga yaqin ularning ishonchli vakillari saylov jarayonida faol ishtirok etishi hamda 120 mingdan ortiq saylov komissiyalari a'zolari tashkilotchi sifatida, 70 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar ishtiroki kutilmoqda", – deb ma'lum qilingan nashrda.


Saylovning mamlakat hayotidagi alohida o'rnini e'tiborga olib, ushbu jarayonda fuqarolarni keng jalb etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 27-oktyabrdagi saylov "Mening tanlovim – obod Vatanim" shiori ostida o'tkazilishi e'lon qilindi.


Tadbir doirasida saylovning texnologik yangiligi sifatida ishga tushirilgan "E-saylov" axborot tizimining taqdimoti ham bo'lib o'tdi.


"Majlisda qayd etilganidek, "E-saylov" axborot tizimi saylovlarni texnologik va ochiqlik jihatdan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda", – deb yozgan "Diplomacy Journal".

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring