Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin!

By Muxtasar_Qodirova - 1-Mart, 2026-yil 23:38 1,134 Koʻrishlar 0 Izoh

Ro‘zai ramazonning ilohiy fazilatlaridan biri u odamlar orasidagi mehr-muruvvatni mustahkamlaydi.


Ahli islom, u qaysi millatdan bo‘lmasin, Ramazon sharofatidan ginalarni unutadi, bir-biriga do‘stlik qo‘lini cho‘zadi. Yaratganga shukrlarkim, O‘zbekiston so‘nggi yillarda ochiqlik siyosatini tanladi. 



Qo‘ni- qo‘shni mamlakatlargagina emas, dunyoga eshiklarini ochdi. Shu kunlarda chegaraning ikki tomonida yashovchi o‘zbek va qirg‘iz birodarlar Ramazonning shukuhli kunlari bir-birlarini yana bir bor yo‘qlayaptilar. Bu gal Botken viloyati, Qadamjoy tumani Ko‘kdala ayilidan kelgan mehmonlarni Farg‘ona tumanining Bo‘ston mahallasida eski og‘a-inilardek samimiy kutib oldilar. Hol - ahvol so‘rashib, birgalikda iftorlik dasturxoniga o‘tirdilar. 



–Tolibjon bilan do‘stmiz. U iftorlik qilib chaqirgan ekan, keldik, – deydi Botken viloyati, Qadamjoy rayoni Ko‘kdala ayilidan bo‘lgan mehmon Orifjon ota Turg‘unov. – O‘zbek, qirg‘iz, tojik iftorlikda aralash o‘tirib mazza qilib suhbatlashdik. Ilgari to‘yga ham, azaga ham telegramma bo‘lsagina chegaradan qo‘yar edi. Mana, hozir xudoga shukrlar bo‘lsin, hech qanday muammo yo‘q. O‘zbekiston juda to‘g‘ri siyosat olib boryapti.



Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lgach birinchi qo‘shnilar bilan muomalani yaxshiladi. Farg‘ona tumaninig Bo‘ston mahallasida o‘zbeklar bilan qirg‘iz va tojik millatiga mansub aholi tug‘ishgandek ahil yashaydi. Bugun esa Tolibjon xonadoni iftor dasturxoniga eski do‘stlar to‘plandi. O‘zbekistonning Bo‘ston mahallasi va Qirg‘izistonning Ko‘kdala ayili oralig‘i aslida yaqin bo‘lsada, bugun ular ikki davlat hududi hisoblanadi. Ammo xalqlar do‘stligi abadiydir. –O‘zbeklar va qirg‘izlar azaldan aka-uka, do‘st-birodar, quda-anda edi. Munosabatlarimiz ahil bo‘lgan. U bundan buyon xam bardavom bo‘lishini istaymiz, – deydi mehmonlarning yana biri Mirzabek Ismoilov. Dasturxon atrofida e’tiqod va dunyoviy ishlar birligi haqida fikr almashdilar. Ikki davlat yetakchilarini duo qildilar. 


–Sadir Japarov Prezident bo‘lgach birinchi galda O‘zbekistonga bordi. Qaytib kelgach aytdiki, men uyaldim, O‘zbekistonda mashina, hatto samolyot zavodlarigacha bor ekan, deb. U Mirziyoyevdan ko‘p narsani o‘rgandi va uni Qirg‘izistonda ham amalga oshiryapti. Ikki Prezident ittifoqchiligiga ko‘z tegmasin. Do‘st bo‘lib har doim hamkorlikda ishlayverishsin, – dedi Orifjon ota Turg‘unov duoga qo‘l ochib. Azon aytilgach o‘zbek, qirg‘iz, tojik qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindosh va birodarlar bir saf bo‘lib namoz o‘qidilar. 



Uning huzuridan ilhomlanib yurtlarimizga ravnaq, xalqlarimizga farovonlik tiladilar. –Jonajon yurtimizda yuzdan ziyod millat vakillari istiqomat qilsada, ular xox xristian, xoh buddist yoki nasroniy, biz ahil- inoq yashab kelyapmiz, – deydi “Damko‘l” jome masjidi imom-xatibi Hamidullo Ahmadaliyev. – Biron marta ham o‘rtaga nifoq tushgani yo‘q. Bu davlatimiz rahbarining bag‘rikenglik siyosati tufayli ekanini xalqimiz biladi va uning bardavomligini istaydi. 


Muhammadjon Obidov,

Elyor Olimov(video, surat), O‘zA


Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring