Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O‘zbekiston va AQSH: ishonchli hamkorlikning yangi imkoniyatlari

By Muxtasar_Qodirova - 21-Fevral, 2026-yil 21:56 1,132 Koʻrishlar 0 Izoh

Munosabat


O‘zbekistonning tashqi siyosatida asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bu xalqaro sheriklar bilan ishonchli hamkorlikni rivojlantirishdir. Xususan, AQSH bilan munosabatlar ushbu yo‘nalishda alohida ahamiyat kasb etadi. So‘nggi besh yil davomida ikki davlat rahbarlari muntazam muloqotda bo‘lib, ikki tomonlama va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.



Iqtisodiy sohada hamkorlik kundan-kunga kengayib, ikki tomonlama savdo hajmi 1 milliard dollardan oshdi, AQSHning 340 ga yaqin kompaniyasi O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, axborot texnologiyalari va yuqori texnologiyali sanoat sohalarida qo‘shma loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.


Shu bilan birga, siyosiy va diplomatik hamkorlik ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mamlakatlar mintaqaviy xavfsizlik, inson huquqlari va barqaror taraqqiyot masalalarida fikr almashib, Toshkent va Vashingtonda amaliy muloqot va sammitlar o‘tkazmoqda.


Jumladan, 2026-yil 19-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu tashrif nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.


AQSH, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Bahrayn, Indoneziya, Argentina, Paragvay, Ruminiya, Misr, Qatar, Pokiston, Vengriya, Albaniya, Armaniston, Vetnam, Kambodja, BAA, Turkiya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Isroil va Marokash kabi davlatlar delegatsiyalari ishtirok etgan sammitda O‘zbekiston yetakchisi G‘azo sektorida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, insonparvarlik va gumanitar yordam ko‘rsatish masalalarida barcha ishtirokchi davlatlarning hamkorligi muhim ekanini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etish orqali amaliy hissa qo‘shishga ham tayyor ekanligini bildirdi.


Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Vashingtonga tashrifning yana bir muhim jihati ishbilarmonlik tadbirlarining bo‘lib o‘tganligidir. Xususan, davlatimiz rahbari AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, Eksimbank prezidenti Jon Yovanovich va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Bleklar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.


Muloqotlar davomida O‘zbekiston va AQSH strategik sherikligi va ustuvor loyihalarni ilgari surish, savdo hajmini oshirish va qo‘shma investitsiya platformasini yo‘lga qo‘yish hamda energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, axborot texnologiyalari, mineral va yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berish sohalarida hamkorlikka oid bir qator kelishuvlarga erishildi.


Shu bois, yuqorida ta’kidlaganimdek, ushbu tashrif halqaro maydonda O‘zbekistonning tinchlikparvar va barqarorlikka yo‘nalgan siyosiy imijini mustahkamladi. Strategik sheriklar bilan ishonchli va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy taraqqiyot, yangi investitsiyalar va ish o‘rinlari yaratish uchun zamin yaratdi.


Hamkorlik doirasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar orqali aholi farovonligini oshirish, texnologiyalar va yuqori malakali kadrlar almashishni rivojlantirish hamda mahalliy bozorda raqobat va investitsiya muhitini yaxshilash imkoniyati kengaymoqda.


Shu bilan birga, yetakchilar o‘rtasidagi do‘stona muloqot “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan AQSH va Amerika qit’asi davlatlari bilan hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish va mazmunan boyitib borish kabi vazifalarga hamohang ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.


Umuman olganda, O‘zbekiston Prezidentining AQSHga tashrifi, Tinchlik kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichini belgilaydi va mintaqaviy tinchlik, barqaror taraqqiyot hamda investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring