O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga navbatdagi tashrifi va Tinchlik kengashining birinchi sammitida ishtiroki mamlakat tashqi siyosatining yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadigan muhim voqealik sifatida e’tirof etildi.
Bu tashrif oddiy diplomatik safar emas, balki global siyosiy jarayonlarda O‘zbekistonning faol va mas’uliyatli ishtirokini namoyon etgan amaliy qadam bo‘ldi.

Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar va xalqaro muloqotlar davomida O‘zbekiston nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, balki xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalarida ham o‘z pozitsiyasini aniq bayon qildi. Ayniqsa, Prezidentimizning sammitdagi ma’ruzasi O‘zbekistonning insonparvarlik va konstruktiv diplomatiyaga asoslangan tashqi siyosatini yana bir bor tasdiqladi.
Prezidentimiz o‘z nutqida G‘azo hududidagi vaziyatga alohida to‘xtalib, tinch aholiga yordam ko‘rsatish, ijtimoiy infratuzilmani tiklash, maktablar, bolalar bog‘chalari va shifoxonalar qurilishida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi. Bu bayonot O‘zbekiston tashqi siyosatining prinsipial jihatini – inson qadri va gumanitar mas’uliyat ustuvorligini ochiq namoyon qildi.
Bugungi kunda xalqaro munosabatlar keskinlashib borayotgan bir sharoitda O‘zbekistonning muvozanatli, muloqotga ochiq va ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan yondashuvi mamlakatimizni faqat mintaqaviy emas, balki xalqaro masalalarda ham mas’uliyatni his etadigan davlat sifatida namoyon etdi.
Mazkur tashrif davomida mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini yanada yuksaltirish uchun bir qator kelishuvlarga erishilganini alohida ta’kidlash joiz.
Xususan, AQSH bilan investitsiya, savdo va texnologik hamkorlik masalalarida yangi kelishuvlar muhokama qilindi. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
O‘zbekistonda tabiiy resurslarni qidirish, qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlik dasturining imzolanishi mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Mazkur dastur O‘zbekistonning resurs salohiyatini to‘liq ishga solish, zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilish orqali qazib olish tarmog‘ini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi, deb o‘ylayman.
AQSH kompaniyalari va ilmiy markazlari tomonidan taklif etiladigan raqamli geologik xaritalash, sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, chuqur qidiruv usullari yer qa’ridan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu orqali mamlakatimiz strategik xom ashyo bazasi yanada mustahkamlanadi.
Hozirgi kunda dunyoda noyob metallarga bo‘lgan talab kundan-kun oshib bormoqda. AQSH va Yevropa Ittifoqi sanoatlarining ayrim soxalarida to‘xtash xavfining oldini olish maqsadida, sanoat uchun muhim minerallar va metallar ro‘yxati tasdiqlangan va ularga “kritik minerallar”, deb nom qo‘yilgan. Biz ilg‘or texnologiyalar asosida yurtimizdagi noyob metall konlarining joylashuvi, mis, kumush, oltin, platina, litiy, uran va boshqa qimmatbaho resurslar zaxiralari bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘lamiz.
Shu bilan birga biz qazib olish bilan cheklanib qolmasdan, qayta ishlash bosqichini rivojlantirishga ahamiyat qaratishimiz lozim. Chunki xomashyoni eksport qilishdan ko‘ra, uni mamlakat ichida qayta ishlab, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot sifatida sotish iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. Qayta ishlashni mahalliylashtirish sanoat klasterlari shakllanishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va texnologik kompetensiyalar o‘sishiga olib keladi. Bu, ayniqsa, mis, litiy, uran kabi noyob yer metallari strategik ahamiyatga ega resurslarimiz uchun muhimdir.
Kombinat AQSHning FLSmidth kompaniyasi bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, yangi barpo etilgan 3-Mis boyitish fabrikasiga mazkur kompaniyaning ilg‘or texnologiyalari va uskunalari o‘rnatildi.
Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bo‘lgan AQSHning “Cove Capital” , “Denali Exploration group”, “GoGreen Partners” va “Prince Enterprises”, “INTERTECH Process Technology” kabi kompaniyalarining vakillari kombinat bilan kelgusi hamkorlikka katta qiziqish bildirishmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda resurslarni qidirish, qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha imzolangan dastur mamlakat uchun strategik iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi. U tabiiy boyliklardan samarali foydalanish, yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish, investitsiyalarni jalb etish va davlatimiz xalqaro iqtisodiy pozitsiyasini mustahkamlaydi.
иАбдулла Xursanov
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati
boshqaruvi raisi, senator
0 Izoh