Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Alla — millat onasining qo‘shig‘i

By Muxtasar_Qodirova - 20-Dekabr, 2025-yil 23:01 1,395 Koʻrishlar 0 Izoh

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida turli millat vakillari ishtirokida “Xalqlar onalari mushtarakligi: Alla festivali” o‘tkazildi.

Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul rahbarlari, “Birodar” shaharlar alyansi, “Vatandoshlar” jamoat fondi vakillari, do‘stlik jamiyatlari va milliy madaniy markazlar faollari ishtirok etdi.

Festival avvalida ishtirokchilar uchun milliy madaniy markazlar paviloniga sayohat tashkillashtirildi.

Tadbirda alla aytish san’ati orqali bolaga milliy ruh singdirish, onalarning farzand tarbiyasidagi beqiyos o‘rni, ayollarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.  

O‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, rus, tatar, turkman, tojik, koreys va boshqa millatlarga xos allalar jonli ijroda namoyish etildi. Har bir chiqishda ona mehri, milliy qadriyatlar va oilaviy an’analar mushtarak g‘oya sifatida talqin qilindi. Shuningdek, bolani parvarishlash, beshikka solish, yo‘rgaklash va ona suti bilan oziqlantirish bo‘yicha amaliy master-klasslar tashkil etildi.

Festival doirasida “Kitobxon onalar sovg‘asi” nomli ma’rifiy aksiya ham o‘tkazildi. Unda mahalla xotin-qizlar faollari hamda “Oqila ayollar” harakati a’zolari tomonidan yosh oilalar, nikohlanayotgan kelin-kuyovlarga kitoblar tuhfa etildi. Oilada kitobxonlik madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring