Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – ijtimoiy davlat kafolati

By Muxtasar_Qodirova - 1-Dekabr, 2025-yil 0:01 1,149 Koʻrishlar 0 Izoh

Yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ygan mamlakatimiz bugun nafaqat ichki siyosatda, balki tashqi maydonda ham o‘zini qat’iyat bilan namoyon etmoqda. Bu yuksalishni har bir fuqaro qalbdan his etmoqda.

Aynan shu taraqqiyot sari intilishlarimizga qomusiy asos bo‘lib xizmat qilayotgan hujjat — bu Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasidir. Ilk bor Bosh qomusimizda “ijtimoiy davlat” tushunchasi mukammal huquqiy mazmunda o‘z ifodasini topdi.

Ijtimoiy davlat — avvalo sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy ta’minot va teng imkoniyatlar kabi sohalarda barqaror, insonparvar siyosat yuritilishini nazarda tutadi. Bu kabi davlat nazarimizda fuqarolarning farovonligini ta’minlashga mas’ul, jamiyatning har bir zaif qatlamini qo‘llab-quvvatlashni ustuvor vazifa deb biladi. 

Kambg‘allar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar manfaatini muhofaza qilish orqali adolatli va barqaror jamiyat quriladi, davlat esa raiyatga emas, balki inson sha’niga xizmat qiladigan vositaga aylanadi.

Mamlakatimizda inson sha’ni, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlari oliy qadriyat maqomiga ko‘tarilgani — Yangi O‘zbekiston siyosatining bosh g‘oyasini tashkil etadi. Fuqarolarning qonuniy talab va istaklarini ro‘yobga chiqarish borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar ham shundan dalolat. 

Baxtimizning qomusi sanalgan Konstitutsiya bugungi adolatli davlat siyosatining mustahkam asosiga aylangan. Qomusimiz insonparvarlik, demokratiya, ijtimoiy adolat va siyosiy xilma-xillik tamoyillarini o‘z ichiga olgan holda, xalqning ertangi kuniga ishonch bag‘ishlamoqda.

Konstitutsiyaga kiritilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri — “davlat — jamiyat — shaxs” tartibining “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga almashtirilganidir. Bu bejiz emas: endi barcha davlat siyosatining markazida inson turibdi. Yana bir muhim jihat — Bosh qomusimizning 1-moddasida O‘zbekiston ilk bor “suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” sifatida qat’iy belgilab qo‘yildi. Bu davlat siyosatining inson manfaatiga xizmat qilishini kafolatlaydi.

Dunyo amaliyotida ijtimoiy davlat deganda, birinchi navbatda bepul yoki arzon ta’lim, yuqori sifatli tibbiy xizmat, kambag‘allikka qarshi kuchli himoya tizimi tushuniladi. Shuningdek, mehnat bozorida hukumat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari hamkorligiga asoslangan “uch tomonlama model”, inklyuziv jamiyat va tenglik prinsiplariga ustuvor e’tibor qaratilgan bo‘ladi. Bunday davlatda hokimiyat “katta aka” emas, balki fuqaroning ishonchli sherigi sifatida faoliyat yuritadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ijtimoiy-iqtisodiy kafolatlarga oid normalar deyarli uch barobarga ko‘paydi. Mehnat, ijtimoiy himoya, uy-joy, tibbiyot, ijtimoiy nafaqa va yordam kabi qator huquqlar aniq belgilab qo‘yildi. Nafaqa va ijtimoiy ta’minot olish huquqi kafolatlandi, kambag‘allikka qarshi samarali choralar ko‘rish davlat zimmasiga yuklatildi. Agar bu normalar amaliyotda to‘liq hayotga tatbiq etilsa, O‘zbekistonni ijtimoiy davlat sifatida yangi bosqichga ko‘tarilajagi shubhasiz.

So‘nggi yillarda ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar shundan dalolat beradi: har bir yilga nom berilishi va shu munosabat bilan qabul qilinayotgan dasturlarda ijtimoiy sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ulushi tobora ortib bormoqda. Bu esa Konstitutsiyada belgilangan normalarning hayotdagi amaldagi tasdig‘i hisoblanadi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ham aynan inson qadrini yuksaltirishga, jamiyat farovonligini oshirishga qaratilgan. Kambag‘allikni qisqartirish, kelajakda uni bartaraf etish, bepul umumiy o‘rta ta’lim, malakali tibbiy xizmat, aholini bandlikka keng jalb etish, soliq yukini adolatli qayta taqsimlash kabi vazifalar mamlakatni ijtimoiy davlat sari intilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi mexanizmi — “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimlari joriy etildi. Bu tizimlar xalq roziligini qozondi va amaliyotda o‘zini to‘liq oqladi. Ushbu yondashuv ijtimoiy siyosatning markaziga insonni, uning har bir ehtiyoji va muammosini qo‘yish an’anasiga aylandi.

Davlatning asosiy vazifasi faqat moddiy yordam ko‘rsatish emas, balki odamlarning hayot sifatini oshirish, ularni jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoit yaratishdan iborat bo‘lmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun infratuzilma va xizmatlarning inklyuziv bo‘lishi — endilikda davlatning qatiy majburiyatidir.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan izchil amalga oshirilayotgan ijtimoiy davlat siyosati, avvalo, yurtdoshlarimizning baxti, munosib hayoti va farovon kelajagini ta’minlashga qaratilgani bilan qimmatlidir. Yangi O‘zbekiston Konstitustiyasi esa ushbu ezgu maqsadlarning huquqiy kafolati sifatida barqaror taraqqiyot poydevorini mustahkamlamoqda.

Sarvar Nazarqosimov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti, Ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri, dotsent
O‘zA

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring