Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

“Zakovat” intellektual o‘yini

By Muxtasar_Qodirova - 15-Sentabr, 2025-yil 19:09 1,571 Koʻrishlar 0 Izoh



O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasining  milliy madaniy markazlar paviloni yana bir ajoyib tadbirga mezbonlik qildi. Qo‘mita tashabbusi bilan ushbu maskanda uyg‘ur, qozoq, turkman, tatar, qirg‘iz va tojik milliy madaniy markazlari jamoalari “Do‘stlik kubogi” uchun “Zakovat” intellektual o‘yinida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati, “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti masʼullari, milliy madaniy markazlar faollari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.  




Tadbirni qo‘mita raisi Qahramon Sariyev ochib berib, ishtirokchilarga omadlar tiladi. Taʼkidlandiki, “Zakovat” - mamlakatimizdagi eng ommaviy intellektual loyihalardan biri sanaladi. Yangi O‘zbekistonda aql charxlanadigan, bilimlar sinaladigan  bu kabi tadbirlar nafaqat respublikamiz, balki qo‘shni mamlakatlardagi yoshlarni ham, xorijdagi vatandoshlarni ham birlashtirib kelmoqda.

Darhaqiqat, “Zakovat” bugungi kunda eng ommaviy intellektual harakatlardan  biriga aylangan. Respublika, viloyat, tuman va taʼlim muassasalari miqyosida muntazam o‘tkazib kelinayotgan  mazkur  tadbir yoshlarni ilmiy-tahliliy fikrlashga, dunyoqarashini kengaytirishga, bilimga chanqoqlik va kitobxonlikka undash, intellektual salohiyatni rivojlantirish hamda ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.




Ikkinchi tur shartlari bo‘yicha berilgan 20 ta savolga milliy madaniy markazlar yoshlari hamda faollari  aniq javob topishga intilib, bilim va zakovatlari  bir-birlaridan qolishmasligini namoyon qilishdi.  Ushbu zukkolar o‘yinida eng yuqori natijaga erishgan O‘zbekiston tojik milliy madaniy markazi jamoasi g‘olib deb topildi. O‘zbekiston qirg‘iz va O‘zbekiston uyg‘ur milliy madaniy markazlari bilimdonlari ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga munosib topildilar. G‘oliblarga hamda faol ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasining diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

“Do‘stlik klubi” uchun o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida milliy madaniy markazlarning havaskor jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari namoyish etildi.     



                                  

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu tadbirda hech kim mag‘lub bo‘lmadi, do‘stlik g‘alaba qozondi. Bu kabi intellektual loyihalar jamoalarning ilm va salohiyatini sinovdan o‘tkazishi bilan bir qatorda, mamlakatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va hamjihatlikni yana-da mustahkam qaror topishiga  xizmat qiladi. 


Sobir  Mamanov, muxbir

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring