Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

By Muxtasar_Qodirova - 22-Avgust, 2025-yil 17:26 316 Koʻrishlar 0 Izoh



"Avaza" milliy turizm zonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.




Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni avgust oyi boshida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni yaqinda Vashington shahrida Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan ham dildan qutladi.

Davlatimiz rahbari ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator aniq takliflarni bildirdi.

Uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi.

Amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlarimiz hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror va samarali transqit’aviy yo‘nalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

Hozirgi kunda Xitoy-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, yaqinda Pokiston va Afg‘oniston bilan Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolandi.

Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni ta’minlashi qayd etildi.

O‘rta marshrutni, shu jumladan Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qo‘llab-quvvatlandi.

Eng muhim masalalarni birgalikda ekspertlar darajasida ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi.

Bu - o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan Turkmanboshi va Boku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini ta’minlash masalalaridir.

O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni ta’minlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligi bildirildi.

Bundan tashqari, sa’y-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdorligi bildirildi.

Energetika xavfsizligini ta’minlash maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish va energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yo‘laklarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Bu borada Yevropaga "yashil" energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasi istiqbolli ekani ta’kidlandi.

An’anaviy uglevodorodlar borasida Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik istiqbollarini o‘rganish taklif etildi.

Tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini tubdan oshirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Turkmaniston va Ozarbayjon bilan o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga oshdi. Tovar ayirboshlash tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 40 foizga yetdi.

Barqaror savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish, ulgurji-taqsimot markazlarini tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga chiqish, fitosanitariya va karantin talablarini unifikatsiya qilish, mahsulotlarni raqamli markirovkalashni joriy qilish, qo‘shma elektron platformalarni ishga tushirish va tovar-xomashyo birjalari kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutadigan kompleks harakatlar rejasini birgalikda tayyorlash taklif qilindi.

Gumanitar aloqalarni kengaytirish doirasida mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlardan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqlarimizning boy madaniy merosi mushtarakligi, an’ana va urf-odatlari yaqinligini namoyish etish imkonini beradigan turizm va madaniy almashinuvlarning uch tomonlama dasturini qabul qilish taklif qilindi.

Yakunda davlatimiz rahbari ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash, shuningdek, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlarning qo‘shma uchrashuvlari mexanizmini ishga tushirishni taklif qildi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring