Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O‘zbekiston – dunyo iqtisodiyoti uchun muhim salohiyatga ega davlat

By Muxtasar_Qodirova - 24-Iyul, 2025-yil 21:40 324 Koʻrishlar 0 Izoh

Elchilar e’tirofi


Timoti Smart: Sakkiz yillik islohot O‘zbekistonning mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi ta’sirchan yo‘lni aks ettiradi

– Sakkiz yillik islohotlar davri O‘zbekiston o‘z mavqeini mustahkamlash yo‘lida tanlagan yo‘ldan dalolat beradi, – deydi Buyuk Britaniyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart. – Mamlakat jahon sahnasiga qanday ishonch bilan kirib kelayotgani, butun Markaziy Osiyo mintaqasiga naf keltirayotgani kishini hayratga soladi. Ayniqsa, O‘zbekistonning ta’lim va madaniyat sohasidagi yutuqlari e’tiborga loyiq.

Pergabriele Papadia de Bottini: Italiya-O‘zbekiston strategik sherikligi yangi bosqichga ko‘tarildi



– O‘tgan yil mamlakatlarimiz uchun haqiqatan muhim voqealarga boy, o‘ta ahamiyatli yil bo‘ldi, – dedi ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va istiqboli xususida Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi Pergabriele Papadia de Bottini. – O‘zaro munosabatlarimiz tarixida ilk bor shunday faol diplomatik almashinuv amalga oshirildi. Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi global beqarorlik sharoitida bu hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Italiya va O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun Osiyo va jahon miqyosida ham konstruktiv muloqot hamda barqarorlikni targ‘ib etayotgan muhim sheriklarga aylanmoqdaBosh vazir Jorja Melonining O‘zbekistonga tashrifi mazkur muloqotni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Tashrif dasturidagi tadbirlar Samarqandda tashkil etilgani ham bejiz emas. Rim va Samarqand – o‘z davrida buyuk davlatlar poytaxtlari bo‘lgan. Bu tarixiy bog‘liqlikni qadrlash kishida nafaqat faxr uyg‘otadi, balki hammamizga o‘zaro ildizlarni teran anglash zaruratini yana bir bor eslatadi.

Qadimiy rishtalar qayta jonlanayotganini kuzatish shaxsan men uchun juda quvonarli. Ishonch bilan aytamanki, O‘zbekiston – Italiya munosabatlari yangi burilish nuqtasini topdi.


Picture background


Vafo bint Jabr Nosir Al-Busaidiy: O‘zbekiston – O‘mon: Tinchlik g‘oyasi bilan to‘yingan rishta

– Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi oqilona siyosatni qat’iy ma’qullaymiz, – deydi O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir Al-Busaidiy xonim. – O‘mon ikki do‘st mamlakat, xalq taraqqiyot va yuksalishga erishishi yo‘lida samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini mudom ta’kidlaydi.

Mamlakatimiz Sulton Haysam bin Toriq Ol Said rahbarligida “O‘mon nigohi-2040” dasturi asosida iqtisodiy raqobatbardoshlik va ijtimoiy farovonlikni oshirish, mukammal ta’lim tizimiga tayangan ma’rifatli jamiyat barpo etishga intilmoqda. Shuningdek, taraqqiyot strategiyasida uglerod muvozanatini o‘rnatish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, tabiiy boyliklardan samarali foydalanish talablari o‘rtasida muvofiqlikka erishish ham ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasi besh ustuvor yo‘nalishida belgilangan 100 maqsad ham, xuddi shunday, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, iqtisodiy taraqqiyotga erishish, ta’lim, sud tizimini yaxshilashni qamrab olgan. Shu ma’noda “O‘mon nigohi-2040” va “O‘zbekiston-2030” strategiyalari o‘rtasida umumiy jihat ko‘p. Ikki davlat rahbarlari ko‘rsatmasi, o‘zaro e’tibori asosida xalqlarimiz farovonligini oshirish maqsadiga yo‘naltirilgan aloqa mustahkamlanayotgani quvonarli. Mushtarak manfaat o‘laroq, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ma’rifat, ta’lim kabi sohalarda sheriklik darajasi yuksalayotganini alohida qayd etgan bo‘lardim.


Picture background


Jonatan Xenik: O‘zbekiston Prezidenti va hukumatining mamlakatda keng qamrovli va ortga qaytmas islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan faoliyati hayratlanarli

– Avvalo, O‘zbekiston Prezidenti va hukumatining mamlakatda keng qamrovli, ortga qaytmas islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan faoliyati bizni hayratga solmoqda,  dedi AQSHning diyorimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik. – Iqtisodiyot jadal rivojlanishi tufayli O‘zbekistonni savdo va investitsiya uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘rayotgan Amerika kompaniyalarining mamlakatga qiziqishi kun sayin ortayotganini ko‘ryapmiz.


Picture background


Aleksandr Ogorodnikov: O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyoti ko‘plab davlatlar uchun namuna

– O‘zbekiston iqtisodiy sohada ajoyib o‘sish sur’atini namoyon etmoqda va ko‘plab davlatlar uchun haqli ravishda namuna bo‘lyapti,  deydi Belarusning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov. – Davlat rahbari rahnamoligida sanoatning asosiy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va mustahkamlashga qaratilgan aniq va istiqbolli rivojlanish strategiyasi shakllantirilgan. Respublikada amalga oshirilayotgan jadal o‘zgarishlar mamlakat rahbariyati uzoqni ko‘ra bilishi, o‘zbek xalqining azm-u shijoatidan dalolat. Bunda, ayniqsa, yosh avlodning faolligini qayd etish zarur. Bugun O‘zbekiston yoshlari sifatli ta’lim-tarbiya olmoqda, o‘zi tanlagan yo‘lda intilib, davlat ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda. Zero, yurt kelajagini aynan yosh, iqtidorli va mehnatkash insonlar belgilaydi.

Belarus va O‘zbekistonni mustahkam do‘stlik, o‘zaro anglashuv va strategik sheriklik rishtalari bog‘lab turadi. O‘zaro manfaatdorlik biz uchun yangi istiqbollar ochadi, ikki tomonlama munosabatni mustahkamlaydi, bizni yanada jadal va samarali ishlashga undaydi.



Guseyn Guliyev: O‘zbek xalqi – buyuk xalq

– So‘nggi yillarda O‘zbekiston barcha sohalarda ajoyib o‘sish va taraqqiyotga erishmoqda,  dedi Ozarbayjonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Huseyn Guliyev Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida iqtisodiyot, ijtimoiy soha va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Bu yutuqlar O‘zbekiston ulkan salohiyatga, kelajakka intilayotgan xalqqa ega davlat ekanining yaqqol tasdig‘idir. O‘zbek xalqi o‘z an’analarini saqlab, dadil olg‘a intilayotgan buyuk xalqdir.


Picture background


Manfred Huterer: Germaniya va O‘zbekiston munosabatlari tarixda kuzatilmagan darajaga ko‘tarildi

– So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha yo‘nalishlar, jumladan iqtisodiyotda ham qator islohotlar amalga oshirildi,  deydi Germaniya Federativ Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Huterer. – Sohani liberallashtirish va qaytadan tartibga solish, shaxsiy mulk huquqi daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha yaxshi natijalarga erishildi. Mamlakat iqtisodiyoti boshqa davlatlar bilan keng bir tarmoq ichra birlashib ketdi. Xususan, nemis iqtisodiyoti ham ayni ijobiy jarayondan chetda emas. Kompaniyalarimiz diversifikatsiya qilingan sharoitda faoliyat olib borish tarafdori. Shu nuqtai nazrdan GFR kapitali asosidagi ko‘plab kompaniyalar yillar davomida bu yerda faoliyat yuritib, yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, mahsulot ishlab chiqarayotgani quvonarli. Eng muhimi, davlatlarimiz hamkorligining salohiyati yuqori.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar hozir ikki tomonlama munosabatlar tarixida misli ko‘rilmagan darajadagi cho‘qqiga chiqdi. O‘zbekiston esa butun dunyoga ochilib, barcha sohalardagi imkoniyati, salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida dadil qadam tashlamoqda.



Takashi Xatori: O‘zbek musiqasi va raqslari meni doim hayratga solgan

– Kun chiqar yurtda ko‘pchilik O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga qiziqish bildirmoqda,  deydi Yaponiyaning respublikamizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Takashi Xatori. – Mamlakatni ko‘rishga ulgurganlar esa juda mamnun. O‘zbekiston xavfsiz davlat, odamlari juda mehribon. Buxoro va Samarqand kabi qadimiy shaharlari, palov, kabob kabi mazali taomlari dunyoda mashhur. Bularning bari O‘zbekistonni sayyohlar uchun jozibador manzilga aylantirgan. E’tirof etish kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoning barcha davlatlari bilan yaxshi munosabat o‘rnatish uchun ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Va bu jarayon muvaffaqiyatli kechayotganini ko‘ryapmiz. Yaponiya ham tinchlikka asoslangan mazkur diplomatiyaga sherik bo‘lishni juda istaydi.

O‘zA muxbiri 

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring