O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Misr oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan vatandoshlar o'rtasida futbol musobaqasi o'tkazildi.
13-iyul kuni boshlangan turnirda yosh vatandoshlardan tuzilgan jamoalar o'zaro bellashdi. 20-iyul kuni musobaqaning hal qiluvchi final uchrashuvi bo'lib o'tdi. Unda "Azxar" jamoasi g'alaba qozondi va chempionlikni tantana qildi.
Ta'kidlash joizki, "Azxar" jamoasi futbolchilarining butun turnir davomida ko'rsatgan o'yini va yuksak mahorati muxlislar hamda mutaxassislar tomonidan e'tirof etildi.
Turnir yakunida g'olib jamoaga esdalik sovg'alari va diplom topshirildi.
Yurtimiz elchixonasi tashabbusi bilan o'tkazilgan mazkur turnir O'zbekiston yoshlarini Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
Ishtirokchilarga ko'ra, bu kabi sport tadbirlari yosh avlodni sog'lom va faol hayot tarziga undaydi, vatanparvarlik tuyg'usini mustahkamlaydi, shuningdek, xorijdagi yurtdoshlarimiz o'rtasidagi birdamlikni mustahkamlashga hissa qo'shadi.
0 Izoh