Bugun O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi tashabbusi bilan Estoniyaning Narva shahrida faoliyat yuritayotgan “Sogdiana” o‘zbek milliy-madaniy jamiyati delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati, “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda yurtimizdagi milliy raqs san’atining yetakchi jamoasi — “Bahor” ansambli vakillari ishtirok etdi. Mazkur uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, madaniy-ma’rifiy tadbirlarni birgalikda tashkil etish, boy tarixiy-madaniy merosni saqlash va uni yosh avlodga yetkazish xususida fikr almashildi.
✍️Uchrashuv davomida “Sogdiana” o‘zbek milliy-madaniy jamiyati va “Vatandoshlar” jamoat fondi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Memorandum – madaniy merosni asrash, o‘zbek an’analarini targ‘ib qilish va Estoniyadagi vatandoshlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni nazarda tutadi.
Uchrashuv so‘ngida “Sogdiana” o‘zbek milliy-madaniy jamiyatiga o‘zbek tilidagi bir qator adabiyotlar, milliy cholg'u asboblari va o'zbek milliy liboslari taqdim etildi.
0 Izoh