Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni “Bunyodkor” stadioniga tashrif buyurib, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinini tomosha qildi.
Bu oddiy o‘yin emas, o‘zbek futbolining katta bayrami. Jahon chempionati saralash bosqichining so‘nggi uchrashuvi. Lekin mohir sportchilarimiz mundial yo‘llanmasini muddatidan oldin naqd qilib qo‘ygan – O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi!
Buni futbolsevar xalqimiz ko‘p yillar orziqib kutgan edi. Terma jamoamiz bundan oldin yetti marta saralashlarda qatnashib, mundialga chiqa olmagandi. Har doim yo taqvim, yo gollar nisbati, yo mahorat yetishmasligi sabab bo‘lib qolaverardi.
Hech qanday sabab-bahonaga o‘rin qolmasligi uchun esa futbolchilar kuchli bo‘lishi kerak, poydevor mustahkam bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-martdagi qarori bilan, 2018-2022-yillarda futbolni yanada rivojlantirish dasturi qabul qilingan edi. Iste’dodli yoshlarni tanlash, keyinchalik professional etib tayyorlash hamda milliy terma jamoalar zaxirasini yaratish maqsadida 14 ta hududda bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari tashkil etildi. Mashg‘ulot va musobaqalarda sifat oshdi. Murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislarga e’tibor kuchaydi.
2019-yil 4-dekabrda Prezidentimiz “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon imzoladi. Unda klublar faoliyatini rivojlantirish, xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlash, terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini zamonaviy tashkil etish, mamlakatimizda nufuzli musobaqalar o‘tkazish maqsadlari belgilangan edi. 2023-yil 8-aprelda qabul qilingan ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishga oid Prezident qarori ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bunday e’tibor va tizim tufayli birin-ketin natijalar kela boshladi. 2018-yilda U-23 jamoamiz Xitoyda, 2023-yilda U-20 futbolchilarimiz O‘zbekistonda o‘tgan musobaqalarda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Yurtimizda FIFA va OFK dasturidagi turnirlarni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
2024-yilda o‘zbek futboli rivojida yangi sahifa ochildi – 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoamiz birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi.
Yutuq va xursandchiliklar bu yil ham davom etmoqda. Yaqindagina, aprel oyida Caudiya Arabistonida o‘tgan musobaqada 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarimiz Osiyo kubogini qo‘lga kiritib, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi. Mana endi asosiy terma jamoamiz ham yangi tarix yaratdi.
O‘zbekiston ushbu 3-saralash bosqichining “A” guruhidan o‘rin olgan edi. Qariyb bir yil mobaynida Eron, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston, Shimoliy Koreya futbolchilari bilan bahs olib borildi. 5-iyun kuni o‘tgan BAA – O‘zbekiston o‘yinida durang qayd etildi. Natijada 9-tur yakunlariga ko‘ra, terma jamoamiz ochkolari soni 18 taga yetdi va jahon chempionatiga chiqish kafolatlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan yo‘llagan tabrigida futbolchilarimiz chinakam jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib, xalqimiz orzusini ro‘yobga chiqarganini ta’kidladi.
Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbaiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshirishga xizmat qiladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Chindan ham, bu tarixiy voqea butun xalqimizni birlashtirdi, quvontirdi. Shu bois ham so‘nggi turdagi O‘zbekiston - Qatar o‘yini bayramga aylanib ketdi.
Uchrashuv o‘z jonkuyarlari oldida o‘ynagan hamyurtlarimizning to‘liq ustunligida o‘tdi. Yakunda O‘zbekiston 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6-iyundagi farmoniga muvofiq, Vatanimiz tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani, yosh avlodni sportga mehr va milliy g‘urur ruhida tarbiyalashga qo‘shgan hissasi uchun futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari va murabbiylaridan bir guruhi mukofotlangan edi. O‘yindan keyin ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari qahramon sportchilarimizga faxriy unvon, orden va medallarni topshirdi. Shuningdek, terma jamoamiz a’zolari va mutaxassislariga BYD avtomobillari sovg‘a qilindi.
Futbol bayrami dronlar va mushaklar shousi bilan yakunlandi.
2026-yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. 48 ta jamoa 12 ta guruhga bo‘linib bahs olib boradi. Guruhlarda birinchi-ikkinchi o‘rinni egallaganlar hamda natijalari eng yaxshi 8 ta uchinchi o‘rin sohiblari keyingi bosqichga yo‘l oladi. O‘zbekiston iftixori bo‘lgan futbolchilarimizdan bu musobaqada ham yaxshi natijalar kutib qolamiz.
0 Izoh