Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutida "O'zbekiston-2030" strategiyasining xitoy tilidagi risolasining taqdimoti bo'lib o'tkazildi.
Elchixona tomonidan "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ko'magida risola shaklida nashr etilgan "O'zbekiston-2030" strategiyasi Markaziy millatlar universitetining o'zbek tili o'qituvchisi Dilsora Mirzaahmedova tomonidan xitoy tiliga tarjima qilingan.
Tadbirda Xitoyning yetakchi ilmiy, akademik, ekspert-tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot ishtirokchilari "O'zbekiston-2030" strategiyasining asosiy mazmun-mohiyati va ahamiyati, unda belgilangan maqsad va vazifalar bilan tanishtirildi.
Ma'ruza davomida "O'zbekiston – 2030" strategiyasi mamlakatimizni kelgusi 7 yilga mo'ljallangan rivojlantirishning asosiy yo'nalishlarini belgilab beruvchi muhim hujjat ekanligi, undagi 5 ta ustuvor yo'nalish doirasida 100 ta maqsad amalga oshirilishi ta'kidlandi.
Strategiya to'plangan tajriba va Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida olingan jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan.
Bugun O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan do'stona munosabatlarini yana-da rivojlantirishga ham asos bo'layotgani urg'ulandi.
Shu munosabat bilan so'nggi yillarda jadal rivojlanayotgan, yangi davrda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ega bo'lgan O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi munosabatlarga alohida e'tibor qaratildi.
Ikki mamlakat hududlari o'rtasidagi faol rivojlanib borayotgan hamkorlikning samarali natijalari qayd etildi. Ishtirokchilarga iyun oyida Samarqand shahrida ikkinchi O'zbekiston-Xitoy mintaqalararo forumi o'tkazilishi, bu ishbilarmonlik aloqalariga yangi sur'at bag'ishlashi haqida ma'lumot berildi.
Tayxe instituti bosh kotibi o'rinbosari Van Yuygue o'z chiqishida O'zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etishini inobatga olib, yoshlar ta'lim va tarbiyasi muhimligini ta'kidladi. Uning aytishicha, Strategiyada bu borada aniq vazifalar belgilagan. Bu borada kasbiy ta'lim va talabalar almashinuvi sohasida hamkorlikni kuchaytirish, qo'shma ilmiy markazlar va texnoparklar tashkil etish yoshlarning innovatsion salohiyatini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Xitoy Xalqaro munosabatlar akademiyasi tadqiqotchisi Chjao Chjen "O'zbekiston – 2030" strategiyasi puxta ishlab chiqilgan reja bo'lib, mamlakat taraqqiyotining ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatlarini hisobga olganini ta'kidladi. Uning fikricha, O'zbekistonning daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar qatoriga qo'shilish istagi, ta'lim, sog'liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlarini modernizatsiya qilish xitoylik investorlar uchun jozibador imkoniyatlar yaratmoqda.
Xitoy Davlat kengashining Taraqqiyot markazi Yevroosiyo ijtimoiy tadqiqotlar instituti direktori o'rinbosari Syuy Tao "O'zbekiston – 2030" strategiyasi mamlakatimizning barqaror va inklyuziv rivojlanishini ta'minlash, O'zbekistonni rivojlantirishning uzoq muddatli yo'nalishlarini belgilab berishini qayd etdi. Unda turli sohalarda islohotlarni amalga oshirish, iqtisodiy o'sish, ta'lim, sog'liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimlarini takomillashtirish, ekologik barqarorlikni ta'minlash, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish kabi maqsadlarga erishish ko'zda tutilgan.
Sun Chjuanchji, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori:
– Bugun O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasi bilan hamkorlikda "O'zbekiston-2030" strategiyasiga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazdik.
Tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, ushbu strategiya O'zbekiston taraqqiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Strategiyaning iqtisodiy sohadan tortib davlat boshqaruvigacha bo'lgan maqsadlari mamlakatning kelajakdagi rivojlanishiga katta hissa qo'shadi, shuningdek, Xitoy-O'zbekiston hamkorligi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
"O'zbekiston-2030" strategiyasini "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi va Xitoyning yangi rivojlanish rejalari, xususan, "Yangi Xitoy" konsepsiyasi bilan samarali integratsiyalash mumkin.
Bugungi taqdimot tufayli O'zbekistonda mazkur strategiya doirasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida batafsil ma'lumotga ega bo'ldik.
Lyu Chan, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti Markaziy Osiyo va Kavkaz bo'limi kichik ilmiy xodimi:
– Bugun "O'zbekiston-2030" strategiyasi taqdimotida ishtirok etish imkoniga ega bo'lganimdan juda mamnunman.
Qayd etish joizki, strategiyada ko'zda tutilgan beshta rivojlanish maqsadi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan chambarchas bog'liq bo'lib, global rivojlanish konsepsiyalarining milliy sharoitlarga tatbiq etilishini namoyish etadi. Ushbu strategiya, shuningdek, xalqaro tendensiyalarga mos keladi va milliy voqelikka asoslanadi.
"O'zbekiston-2030" strategiyasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarning qat'iyligiga alohida e'tibor qaratilgan. Bu O'zbekistonning institutsional innovatsiyalar va boshqaruv tizimini takomillashtirish orqali modernizatsiya qilish qat'iyatini namoyish etadi.
Xususan, ushbu o'rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi amaliyotida aniq natijalarga erishilgani juda muhim. 2030-yilgacha bo'lgan strategiyasida O'zbekistonni murakkab xalqaro sharoitda rivojlantirish yo'nalishlari belgilab berilgan. Ishonchim komilki, ushbu strategiya nafaqat O'zbekistonning barqaror rivojlanishiga hissa qo'shadi, balki Xitoy-O'zbekiston strategik hamkorligiga yangi istiqbollarni ochadi. Men tadqiqotchi sifatida "O'zbekiston-2030" strategiyasining amalga oshirilishini diqqat bilan kuzatib boryapman.
0 Izoh