Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni 28-29-may kunlari rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'ladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ushbu tashrif 1992-yil mart oyida boshlangan O'zbekiston-Italiya munosabatlarining zamonaviy tarixida muhim bosqich bo'ladi. Ikki davlat o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilishi bilanoq Toshkentda Italiya elchixonasi, 1998-yilda esa Rimda O'zbekiston vakolatxonasi ochildi.
2021 va 2023-yillardan buyon Florensiya va Milanda O'zbekistonning faxriy konsulligi institutlari faoliyat ko'rsatmoqda. Bu institutlar esa xalq va iqtisodiy diplomatiyani mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik so'nggi yillarda yangi bosqichga ko'tarildi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 8-9-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Italiyada bo'ldi. Tashrif yakunlari bo'yicha ikki davlat o'rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatish to'g'risida Qo'shma deklaratsiya qabul qilindi.
O'sha yilning 9-11-noyabr kunlari Italiya Prezidenti Serjo Mattarella rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keldi.
Siyosiy muloqot faol qo'llab-quvvatlanmoqda va yuqori darajada davom ettirilmoqda. 2019-yilning dekabr va 2021-yil sentyabr oylarida O'zbekiston va Italiya tashqi ishlar vazirlari o'zaro tashrif almashishdi. 2024-yil may oyida esa Rimda bo'lib o'tgan "Italiya – Markaziy Osiyo" uchinchi vazirlar konferensiyasi doirasida uchrashuvlar o'tkazildi. Ta’kidlash joizki, Rim 2019-yilda vazirlar darajasida ushbu muloqotni o'rnatishni boshlagan birinchi Yevropa davlati edi.
Bundan tashqari, ikki davlat tashqi siyosat idoralari o'rtasida siyosiy maslahatlashuvlar muntazam ravishda o'tkazib kelinmoqda.
Parlamentlararo hamkorlik ham izchil rivojlanyapti. Xususan, 2011-yildan buyon Italiya parlamenti Deputatlar palatasi va Senati bilan hamkorlik qilish bo'yicha O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida do'stlik guruhlari faoliyat yuritmoqda. 2012-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Italiya parlamenti Deputatlar palatasi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. 2023-yil aprel oyida Italiya parlamentida "Italiya-Markaziy Osiyo" do'stlik guruhi tuzildi.
Senatning Xalqaro ishlar bo'yicha qo'mitasi raisi, Italiya Parlamentlararo Assambleyasining faxriy prezidenti Per Ferdinando Kasini boshchiligidagi Italiya parlamenti delegatsiyasi 2025-yilning 5-9-aprel kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida faol ishtirok etdi.
O'zbekiston va Italiya xalqaro tashkilotlar – BMT, YXHT, Yevropa Ittifoqi va boshqa tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilyapti. Italiya O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo'lish va Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi yangi bitimni tuzish borasidagi sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Shuningdek, tomonlar, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan "Italiya – Markaziy Osiyo" muloqoti doirasida ham faol hamkorlikni yo'lga qo'ygan.
O'zbekiston bilan Italiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy sheriklik ham izchil rivoj topmoqda. O'zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017-yildagi 172,2 million dollardan 2024-yilda qariyb 438 million dollarga yetdi. Bunga mamlakatlar o'rtasida amalda bo'lgan eng qulay savdo rejimi, shuningdek, mamlakatimiz 2021 yilda benefitsiariga aylangan Yevropa Ittifoqining "GSP+" imtiyozli tizimi ko'p jihatdan yordam bermoqda.
1992-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Savdo, iqtisodiyot va sanoat hamkorligi va eksport kreditlari masalalari bo'yicha O'zbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhi ham ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va sheriklikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etyapti.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil iyun oyida Italiyaga tashrifi munosabati bilan Rimda ikki tomonning 200 dan ortiq tadbirkor va kompaniyalari vakillari ishtirokida O'zbekiston-Italiya biznes-forumi bo'lib o'tdi. Biznes-forum yakunlari bo'yicha jami 9,2 milliard yevroga teng 38 ta investitsiyaviy bitim, 13 ta texnologik hamkorlik to'g'risidagi bitim hamda 13 ta eksport shartnomasi imzolandi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu mamlakatga tashrifi chog'ida Italiyadagi yirik kompaniya va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan ham uchrashuv o'tkazdi. Muloqot Milan shahrida davra suhbati formatida bo'lib o'tdi.
2023-yilning 7-8-sentabr kunlari Italiya qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat suvereniteti va o'rmon xo'jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida hamda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o'rinbosari Edmondo Chiriyelli FAO shafeligida Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. 2024-yil oktyabr oyida esa Rimda O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Alisher Shukurov Italiya qishloq xo'jaligi vaziri Franchesko Lollobrijida bilan uchrashdi.
O'zbekiston tadbirkorlari Italiyada o'tkazib kelinayotgan "Tuttofood" , "Macfrut", "Simac Tanning Tech", "TTG Rimini" va "Artigiano in Fiera" kabi xalqaro ko'rgazmalarda muntazam ishtirok etyapti.
O'zbekistonda Italiya investitsiyasi ishtirokidagi 55 ta korxona, jumladan, 24 tasi 100 foiz xorijiy sarmoya asosida faoliyat yuritadi. Italiyaning 9 ta kompaniyasi, shuningdek, "Italiya-O'zbekiston" Savdo-sanoat palatasi vakolatxonalari O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida akkreditatsiyadan o'tgan.
Italiya investitsiya va texnologiyalari ishtirokida mamlakatimizda gaz taqsimlash tizimlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, hashamatli temir yo'l kruizlarini yo'lga qo'yish, Jizzax viloyatida za’faron yetishtirish, chorvachilikni rivojlantirish bo'yicha loyihalar amalga oshirilayotir.
2023-yil mart oyidan boshlab Toshkent, Milan va Rim shaharlari o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aviaqatnovlar yo'lga qo'yilgani ham ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayapti.
Madaniy-gumanitar hamkorlik O'zbekiston-Italiya munosabatlarining muhim yo'nalishi hisoblanadi. Xususan, 1998-yil sentabr oyida mamlakatimizda "O'zbekiston – Italiya" do'stlik jamiyati tashkil etildi.
O'zbekistonda Turin va Piza universitetlarining filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. 2023-yilda Buxoroda Luidji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universitetining filiali ochildi. 2024-yil sentabr oyida Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida O'zbekistonning 45 va Italiyaning 23 ta oliy o'quv yurtlari rahbarlari ishtirokida "O'zbekiston-Italiya" birinchi rektorlar forumi muvaffaqiyatli o'tkazildi.
2025-yil 25-aprel kuni Samarqand shahrida ikki davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida davra suhbati bo'lib o'tdi va tadbir doirasida fan va ta’lim sohasiga oid 6 ta hujjat imzolandi.
2024-yil Italiyada O'zbekistonga bag'ishlangan ko'plab madaniy tadbirlar o'tkazilgani bilan yodda qoldi. "O'zbekiston: sahrodagi avangard" ko'rgazmasi 2024-yilning 15-aprelidan 30-iyuniga qadar Florensiyada va 2024-yilning 16-aprelidan 30-iyuniga qadar Venetsiyadagi "Ka Foskari" universitetida bo'lib o'tdi. Shuningdek, 4-9-dekabr kunlari Rim, Milan va Viarejio shaharlarida O'zbekiston madaniyati kunlari o'tkazildi.
Italiya vakillari Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida muntazam ishtirok etib kelmoqda. E’tiborlisi, Italiya vakillari bir necha bor ushbu nufuzli festivalning Gran-pri va maxsus sovrinlarini qo'lga kiritgan.
O'z navbatida, 2018-yilda Rimda bo'lib o'tgan "Aziatika" XIX xalqaro Osiyo filmlari kinofestivalida "Tohir va Zuhra" filmi jahon kinosi rivojiga, umuminsoniy qadriyatlarni targ'ib etishga qo'shgan hissasi uchun maxsus diplom bilan taqdirlandi.
O'zbekiston Milliy paviloni ketma-ket beshinchi yildirki (2021-yildan 2025-yilgacha) Venetsiyada bo'lib o'tgan Xalqaro arxitektura va san’at biyennalesining italiyalik va xorijlik mehmonlari orasida katta muvaffaqiyatga erishyapti. Yana bir e’tiborga molik yangilik, shu yil 8-may kuni 19-Venetsiya xalqaro arxitektura biyennalesida O'zbekiston Milliy paviloni ochilgani bo'ldi.
Ikki davlat o'rtasida sport sohasidagi aloqalar ham mustahkamlanib boryapti. Xususan, Italiyada o'zbek milliy kurashiga bo'lgan qiziqish juda yuqori, shu bois mazkur mamlakatda O'zbek kurashi akademiyasi tashkil etilgan. 2024-yilning 23-24-iyul kunlari Rimda kurash bo'yicha O'zbekiston Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir o'tkazildi. Unda 17 davlatdan 33 nafar polvon o'zaro bellashdi.
O'z navbatida, Toshkentda Italiyaning "Yuventus" futbol klubining akademiyasi faoliyat yurityapti. Shuningdek, O'zbekiston va Italiya ot sporti hamda velosport federatsiyalari o'rtasida yaqin aloqalar o'rnatilgan.
Shu tariqa, tomonlar muloqotni chuqurlashtirish, o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va gumanitar almashinuvni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini namoyon qilyaptilar. Bu O'zbekiston-Italiya strategik sherikligini konstruktiv hamkorlik namunasiga aylantirmoqda.
So'nggi so'z o'rnida aytishi joizki, Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining O'zbekistonga bo'lajak tashrifi ikki tomonlama munosabatlarini yanada chuqurlashtirishda alohida ahamiyatga ega bo'ladi. Tashrif, shuningdek, avval oliy darajadagi tashriflar chog'ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim bosqich bo'lishi hamda O'zbekiston-Italiya sherikligi orqali Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasidagi barqaror aloqalarni mustahkamlashga hissa qo'shish va hamkorlikni yanada kengaytirishga yangi sur’at bag'ishlashi kutilmoqda.
0 Izoh