Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Qadriyatlar qadr topgan yurt

By Muxtasar_Qodirova - 21-Mart, 2025-yil 17:45 612 Koʻrishlar 0 Izoh

Bugun 21- mart kuni poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navro‘z tantanasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, xalqimizni bayram bilan muborakbod etdi.

Bu yilgi Navro‘z muqaddas Ramazon oyida, uning tabarruk fazilatlariga uyg‘un holda o‘tayotgani bayramga alohida ruh, o‘zgacha fayz va quvonch bag‘ishlamoqda. Qalblarimiz shodlikka to‘lgan shunday barokatli kunlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlarini, butun islom ummatini Ramazoni sharif bilan yana bir bor qutlab, jamiki pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini tilaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 



Davlatimiz rahbari xorijiy mamlakatlarda ona yurt mehri va sog‘inchi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham tabriklab, samimiy tilaklarini izhor etdi. 

Prezidentimiz o‘z nutqida yoshlar siyosatiga ham to‘xtalib, ular Yangi O‘zbekistonning ilg‘or va qudratli kuchiga aylanib borayotganini ta’kidladi. Ulkan natijalarga erishib, yurtimiz rivoji va obro‘sini oshirayotgan aql-idrokli, bilim va malakali, serg‘ayrat va ishbilarmon o‘g‘il-qizlarni sharafladi.



Navro‘z bag‘rikenglik va ahillik ruhi bilan yurtimizdagi barcha millat va elat vakillari uchun sevimli, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylangan. Shu ma’noda, Prezidentimiz butun xalqimizga murojaat qildi:

– Bizning kuchimiz – birlik va ahillikda, qudratimiz – Vatanga mehr va sadoqatda, yutug‘imiz – o‘zimizga bo‘lgan yuksak ishonchimizda!

Davlatimiz rahbari bayramda ishtirok etayotgan elchilar va xalqaro tashkilotlar vakillarini xalqaro Navro‘z kuni bilan qutlab, ularning xalqlariga do‘stlik salomini yo‘lladi.



Bayram katta kontsert dasturi bilan davom etdi. Unda yurtimiz san’atkorlaridan tashqari Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi qardosh o‘lkalarning taniqli xonandalari ham qatnashdi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘i bayram shukuhiga burkangan. Maydonchalar alvon gullar va bayroqlar bilan bezatilgan. Milliy madaniyat markazlarining ko‘rgazmalarida yurtimizdagi totuvlik va boy madaniy xilma-xillik namoyon. 




Tinchlik va barqarorlik, ko’p millatli O‘zbekiston xalqining hamjihatligi jadal rivojlanayotgan jamiyatimiz ravnaqi va taraqqiyotining bosh omilidir. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi, ularning madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylash va rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan.



Bog‘ning maxsus ajratilgan hududida milliy madaniy markazlar uchun pavilonlar barpo etilib, ularda yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining boy madaniyati, chinakam birligi va jipsligining namoyishi, xalq amaliy san’ati namunalari bilan tanishish mumkin bo’ldi.



An’anaga ko‘ra, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bayram konserti yakunida milliy madaniy markazlar pavilonlariga tashrif buyurib, yurtdoshlarni bayram bilan samimiy tabrikladi, har bir ishtirokchi bilan suhbatlashdi, ular faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularga ezgu tilak bildirdi. Yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik masalalariga bundan keyin ham alohida e’tibor qaratilishini ta’kidladi.



Shunisi quvonarliki, bu ajoyib bayramni nafaqat o‘zbeklar, balki ko‘p millatli diyorimizda biz bilan birga yashab, birga nafas olayotgan millatlari turfayu, lekin ezgu maqsadlari yagona bo’lgan yurtdoshlarimiz ham katta taraddud bilan kutadilar. Zero, bizning Vatanimizda Navro’z barchaga barobar go‘zallik va nafosat, ezgulik va saxovat, do‘stlik va hamjihatlik   bayrami sifatida yangidan qadr topdi.



Albatta, butun respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanalar yurtimizdagi do‘stlik, millatlararo totuvlik va tinchlikni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning milliy siyosatini olib borishda erishayotgan yutuqlarini jahon miqyosida keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.



Navro‘z sayillari yurtimizning barcha go‘shalarida davom etmoqda. Mahallalarda obodonchilik, mehr-muruvvat tadbirlari o‘tkazilmoqda.   


Muallif  E.Xo‘jamurodov

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring