Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

O'zbekiston davlat xizmatchilari uchun Vengriyada malaka oshirish kurslari tashkil etildi

By Farangiz_Amirkulova - 28-Fevral, 2025-yil 11:01 1,044 Koʻrishlar 0 Izoh

Mamlakatimiz elchixonasida Vengriyada malaka oshirish kurslarida qatnashayotgan O'zbekiston davlat xizmatchilari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi, Samarqand, Namangan, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari vakillari va "Rahbar ayollar maktabi" dasturi tinglovchilari hamda Vengriyaning "Lyudovika" Milliy davlat xizmati universiteti vakillari qatnashdi.


Tadbir ishtirokchilariga O'zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil so'zlab berildi. Xususan, mahalliy hokimiyat, davlat idoralari, ta'lim muassasalari uchun yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta'kidlandi.


"Lyudovika" Milliy davlat xizmati universiteti bilan yo'lga qo'yilgan samarali hamkorlik asosida O'zbekiston davlat xizmatchilari uchun Vengriyada malaka oshirish kurslarini muntazam tashkil etish va ushbu davlat mahalliy hokimiyat organlari vakillari uchun O'zbekistonda shu kabi dasturlarni uyushtirish bo'yicha kelishuvga erishildi.


Ta'kidlash joizki, mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan birinchi marotaba O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va "Lyudovika" Milliy davlat xizmati universiteti bilan birgalikda Budapesht shahrida O'zbekiston davlat xizmatchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi. 24-fevral kuni boshlangan o'quvlar bugun yakunlanadi.


O'quvlar davomida O'zbekiston vakillari davlat boshqaruvi, mahalliy hokimiyatni boshqarish, raqamlashtirish, tadqiqotlar o'tkazish, suv resurslarini boshqarish, Vengriyaning Markaziy Osiyo davlatlari bo'yicha tashqi siyosati haqida nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlamoqda. O'zbekiston tomoni uchun, shuningdek, Vengriya mahalliy hokimiyat organlari, parlamenti va hukumati binosiga ekskursiyalar tashkil etildi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring