Uzbekjournal.uz – Mamlakatimiz hayotiga oid so‘nggi yangiliklarni kuzatib boring

Yangi O'zbekistondagi yangilanishlar jarayoni Hindiston akademik-tahlil doiralari vakillarida katta qiziqish uyg'otmoqda

By Farangiz_Amirkulova - 27-Avgust, 2024-yil 9:38 956 Koʻrishlar 0 Izoh

Mamlakatimiz elchixonasi va Hindistonning yetakchi "Observer" tadqiqot jamg'armasi (Observer Research Foundation) hamkorligida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning natijalariga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.



O'zbekistonda keng nishonlanadigan Mustaqillik kuni arafasida o'tkazilgan xalqaro anjumanda elchi Sardor Rustamboyev mamlakatimizda so'nggi yillarda hayotga tatbiq etilayotgan izchil yangilanishlar jarayoni, jumladan, xalqaro hamkorlar bilan samarali investitsiyaviy hamkorlik qilish uchun yaratilgan qulay muhit, O'zbekiston-Hindiston serqirra aloqalarining ustuvor yo'nalishlari haqida ma’lumot taqdim etdi.

Davlatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat, ayniqsa, Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari o'rtasidagi tarixiy o'zaro bog'liqlikni yanada faollashtirish bo'yicha ilgari surilayotgan muhim tashabbuslar va ularning samaralariga e’tibor qaratildi. Mintaqalararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda O'zbekiston va Hindistonning alohida o'rni ta’kidlandi.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik aloqalari sezilarli rivoj topayotgani, savdo-iqtisodiy munosabatlar mustahkamlanayotgani, turizm oqimi bir necha bor faollashgani, ilm-fan, texnologiyalar va madaniy-gumanitar yo'nalishlarda yangidan yangi loyihalar amalga oshirilayotgani urg'ulandi. Ushbu natijalar salmog'ini yanada oshirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

"Observer" tadqiqot jamg'armasi vitse-prezidenti professor Harsh Vardhan Pant O'zbekiston bilan hamkorlik Hindiston uchun o'ta muhim ahamiyatga ega ekani, o'zaro munosabatlar salohiyati yuqoriligi va undan unumli foydalanish zarurligiga to'xtalib o'tdi.

Anjumanning savol-javob sessiyasida Hindiston-O'zbekiston hamkorligining tarixi chuqur ekani, o'zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Sanoatning turli tarmoqlari, jumladan, to'qimachilik, axborot texnologiyalari, farmatsevtika, tibbiyot, turizm va boshqa yo'nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirilayotganiga alohida urg'u berildi. Ushbu jarayonda ikki mamlakat tahlil markazlarining faol ishtiroki zarurligi ta’kidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan o'zaro fikr almashdi.

Teglar:

0 Izoh

Izoh qoldiring