Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Murojaatnoma – taraqqiyot va farovonlik sari ishonchli qadam

By Muxtasar_Qodirova - 31 декабря 2025 г. 22:44 1,360 Просмотры 0 Комментарий

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan holda, erishilgan natijalarni sarhisob qildi va kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Ushbu muhim siyosiy hujjat milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichini belgilab beruvchi strategik dastur sifatida ahamiyat kasb etadi.

Avvalgi Murojaatnomalarda asosiy e’tibor mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish vazifalariga qaratilgan bo‘lsa, bu galgi chiqishda Prezident erishilgan yutuqlar haqida ishonch va ichki qoniqish bilan so‘z yuritdi. Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ko‘plab maqsadlarga erishilgani, islohotlar shiddati va sur’ati yuksak samara bergani ta’kidlandi. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotiy va izchil ekanini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, davlat rahbari oldinga yanada katta marralar qo‘yish, yangi rivojlanish dasturini ishlab chiqish zarurligini qayd etdi. Mazkur dastur iqtisodiy taraqqiyot, farovonlikni oshirish, kambag‘allikka qarshi kurash bilan birga, aholi hayotining barcha sohalarini qamrab olishi ko‘zda tutilmoqda.

Murojaatnomada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish taklifi ilgari surilgani alohida ahamiyatga ega. Prezident ta’kidlaganidek, erishilgan natijalar va yangi ustuvor vazifalar ushbu strategik hujjatni takomillashtirishni taqozo etmoqda. U keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholi fikr-mulohazalari asosida yangilanadi. Bu esa mamlakatimizda demokratik jarayonlar tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, ushbu muhokamalarda til, ma’naviyat va madaniyat masalalariga ham alohida e’tibor qaratilishi muhimdir. Zero, milliy o‘zlikni asrash va rivojlantirishda tilning o‘rni beqiyos.

Prezident Murojaatnomada mahalla tizimidagi dolzarb masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Aholini suv, elektr energiyasi va gaz bilan ta’minlash, daromad manbalarini oshirish kabi masalalarni hal etish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Bu vazifalar so‘nggi yillarda bosqichma-bosqich rejalashtirilgan bo‘lib, endilikda ularni amaliy yechimga yo‘naltirish vaqti yetgani qayd etildi. Bunday yondashuv davlat rahbarining muammolarga tizimli va uzoq muddatli qarashini yaqqol namoyon etadi.

Murojaatnomaning yana bir muhim jihati – O‘zbekistonni o‘rtacha daromadi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shish, keyinchalik esa rivojlangan mamlakatlar darajasiga olib chiqish maqsadining belgilab berilganidir. Ushbu ulkan maqsadlarga erishish, avvalo, xalq bilan hamjihatlikda amalga oshirilishi ta’kidlandi. Ayniqsa, ta’lim, ilm-fan, til va madaniyat sohalaridagi islohotlarni yanada kuchaytirish bu yo‘lda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Farg‘ona davlat universiteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi jamoasi ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etishga tayyor. Yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, davlat tilining nufuzini oshirish orqali mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shish bizning asosiy vazifalarimizdan biridir.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Murojaatnoma mazmun-mohiyati bilan tarixiy ahamiyatga ega. U nafaqat o‘tgan davr natijalarini umumlashtiradi, balki kelgusi besh yillik rivojlanish yo‘lini aniq belgilab beradi. Prezident rahbarligida, xalqimizning birligi va fidokorona mehnati bilan O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishi shubhasiz.

Hikmatillo Do‘stmatov,

Farg‘ona davlat universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri,

 professor.

O‘zA

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий