Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi, O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamkorligida adib va mutafakkir olim Chingiz Aytmatov tavalludining 97 yilligiga bag‘ishlab “Ikki elning aziz farzandi” nomli ma’naviy-ma’rifiy anjuman o'tkazildi.

Tadbirda adibning o‘zbek va qirg‘iz xalqlari ma’naviy hayotidagi o‘rni, uning asarlarida ilgari surilgan insonparvarlik, do‘stlik, vatanparvarlik kabi yuksak g‘oyalar alohida e’tirof etildi. Aytmatov ijodining xalqaro adabiyot maydonidagi nufuzi, uning “Asrga tatigulik kun”, “Jamila”, “Oq kema”, “Ona Yer” kabi asarlarida insoniyatning umumiy dardu tashvishlarini o‘ziga xos badiiy teranlik bilan aks ettirgani haqida ma’ruzalar qilindi.

Anjumanda adabiyotshunoslar, ijodkorlar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etib, adibning hayoti hamda ijodiga doir o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Chingiz Aytmatovning ikki qardosh xalq — o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini yaqinlashtirgan ijodiy merosi do‘stlik va birodarlik timsoli ekani ta’kidlandi.

0 Комментарий