Saudiya Arabistonining "Swift News" elektron nashrida "Yangi O'zbekistonda inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish tizimidagi yutuqlar" sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda Yangi O'zbekistonda davlat boshqaruvining ajralmas qismi bo'lmish – kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo'yish, ularning malakasini oshirish, bir so'z bilan aytganda, kadrlarning "karyera modeli"ni barpo etish bosqichlarini o'z ichiga olgan yaxlit tizim yaratilayotgani qayd etilgan.
"Davlat xizmatiga kirishda shaffof tizim yaratilmoqda. Yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasida davlat xizmatiga kirishda mamlakat fuqarolari uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratilishi maxsus norma bilan mustahkamlandi. Bu davlat xizmatining raqobatdoshligini, ochiqligini va professionalligini oshirishga xizmat qilmoqda" – deyiladi maqolada.
Ma'lum qilinganidek, O'zbekistonda mehnat bozoriga har yili 600 mingdan ziyod yoshlar kirib kelayotgan bo'lsa, 2030-yilga borib bu ko'rsatkich 1 millionga yetishi kutilmoqda.
O'zbekiston Prezidentining "O'zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" gi farmoniga muvofiq davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ularni izchil takomillashtirib borish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biridir.
Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda, davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarish yo'nalishidagi faoliyati ham to'liq elektron tizimga o'tkazildi. Buning uchun Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi davlat organlarining HR xizmatlariga hrm.argos.uz platformasini taqdim etdi. Platformaga 3 mingga yaqin tashkilot ulandi. Tizimga kiritilgan umumiy ish o'rinlari soni — 163 400 ta, shu jumladan, 93 400 tasini davlat fuqarolik xizmati lavozimlari tashkil etadi.
"Yangi tizimga ko'ra, vazirlik va idoralarning inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo'linmalari tomonidan kadrlar ishiga oid barcha hujjatlar hech qanday qog'oz sarfisiz amalga oshiriladi. Yangi tizim kadrlar bo'yicha ma'lumotlarning elektron arxivini yuritish imkonini bermoqda, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining son va sifat tarkibi tahlili uchun zamin yaratmoqda" – deb yozgan "Swift News".
0 Комментарий