Xitoyning Shinjon-Uyg'ur avtonom rayonida amaliy safar bilan bo'lib turgan mamlakatimiz vakillari hududning boy tarixiy va madaniy merosi bilan tanishdi.
Xitoyning Shimoliy-G'arbiy qismida joylashgan Shinjon-Uyg'ur avtonom rayoni nafaqat iqtisodiy salohiyati bilan balki o'zining boy tarixiy merosi bilan ham keng jamoatchilikni hayratga solib kelayapti. Xususan, Shinjon-Uyg'ur muzeyida saqlanayotgan noyob eksponatlar insoniyat tamaddunining ilk qadamlaridan guvohlik berdi.
Bu yerda bundan to'rt va ikki ming yil avval yashayotgan o'n ikki nafar oddiy aholi va amaldorlarning mumiyolangan jasadlari qo'yilgan. E'tiborlisi, ushbu mumiyolangan inson tanalari shu kungacha o'z holicha yetib kelgan. Ular orasida bundan 3800 yil avval yashab o'tgan ayol va uch ming yil avvalgi 5-8 yoshlar atrofidagi bolaning jasadi bor. Shuningdek, ikki ming yillik 58 yoshli ayol va sakkiz oylik chaqaloqning bizgacha yetib kelgan tanasi muzeydan o'rin olgan. Mazkur mumiyolangan qadimiy odamlar qabrlari Shinjon-Uyg'ur avtonom rayoni hududidagi Zangonluk xarobalari va Subeksil tepaligida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida aniqlangan.
Bundan tashqari, muzeyda afsonaviy Buyuk ipak yo'li o'tgan davlatlar, xususan Markaziy Osiyo hududlarida gullab-yashnagan sulolalar va madaniyatlar bilan bog'liq nodir ashyolar ham namoyish etilmoqda.
– Muzey Shinjon-Uyg'ur avtonom rayonining faxri hisoblanadi, – dedi muzey xodimi Yaan. – Bu yerda saqlanayotgan tarixiy ashyolarni ko'rish uchun butun dunyodan sayyohlar tashrif buyuradi. Jumladan, bir kunda o'n ikki ming mehmonni qabul qilayapmiz. Qadimiy ajdodlarimiz va ular haqidagi ma'lumotlar barcha uchun juda qiziq. Bugun esa O'zbekiston vakillarini kutib olishdan mamnunmiz. Bilamizki, Xitoy–O'zbekiston munosabatlari qadim tarixga borib taqaladi. Qadimiy Ipak yo'li mamlakatlarimiz tamaddunida muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu yo'l orqali savdo iqtisodiy va madaniy almashinuvlar amalga oshirilgan. Xususan, muzeyimizda xitoy va o'zbek xalqlari o'rtasidagi madaniy almashinuvdan so'zlovchi bir nechta qadimiy eksponatlar ham o'rin olgan. Ular xitoylik savdogarlar tomonidan Ipak yo'li orqali Markaziy Osiyodan olib kelingan.
O'zbekiston vakillari safarining madaniy dasturidan o'rin olgan navbatdagi manzil Shinchjon-Uyg'ur ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish muzeyi bo'ldi. Mazkur muzeyda o'tgan yillarda Xitoyda ekstrimizm va terrorizmga qarshi kurash paytida halok bo'lganlar xotirasi hamda ushbu global muammoni oldini olish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarga oid muhim materiallar namoyish etilmoqda.
0 Комментарий