Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash – yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asosi

By Muxtasar_Qodirova - 30 июля 2025 г. 15:42 454 Просмотры 0 Комментарий

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita tomonidan mamlakatimizda baland ruhda, yuksak saviyada o‘tkazilayotgan "Do‘stlik" festivali O‘zbekistonimizda tinchlik, ahillik, mehr-oqibat eng oliy qadriyat ekanini yana bir karra dunyoga namoyish etmoqda.

Mazkur festival doirasida poytaxtimizda "Umummilliy hamjihatlikni mustahkamlash – yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asosi" mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi. 

Ushbu nufuzli anjumanga senatorlar, deputatlar, milliy madaniy markazlarning faollari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, ko‘plab xorijiy tashkilotlarning olim va ekspertlari, mutaxassislari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ruslan Davletov o‘qib eshittirdi.

Darhaqiqat, tabrikda e’tirof etilganidek, yurtimizda qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa bo‘lib, bugun – yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha ma’no-mazmun va an’analarga ega bo‘lib borayotgani diqqatga sazovordir.

Barchamiz uchun aziz va mo‘’tabar bo‘lgan Vatanimiz aynan shu asosda inson qadri va baxti ulug‘lanadigan tom ma’nodagi tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda. O‘z hayoti, taqdirini O‘zbekiston bilan uzviy bog‘lagan turli millat va elat vakillari mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida faol ishtirok etmoqdalar.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova, Respublika Tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subhonova, Respublika Rus milliy madaniy markazi raisi Sergey Mironov, "O‘zbekiston - Litva" do‘stlik jamiyati raisi Turobjon Sadriddinov davlatimiz rahbarining sana munosabati bilan tabrigi xalqimizga o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlagani, mamlakatimizda millatlararo do‘stlikni mustahkamlash borasidagi ezgu ishlar yangi marralarni zabt etishga undayotganini e’tirof etdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev O‘zbekiston ahli azaldan o‘zining bag‘rikengligi, turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari bilan o‘zaro hamjihatlikda istiqomat qilib kelayotganini ta’kidladi.

– So‘nggi yillarda millatlararo munosabatlar, inson qadrini ulug‘lash, jamiyat hayotini shiddat bilan ravnaq toptirish borasidagi ezgu ishlar O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi obro‘si va nufuzini tobora yuksaltirmoqda, – dedi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev. – Xalqlar do‘stligi kuni nainki bir kun, balki "Do‘stlik" bayrami sifatida keng nishonlanayotgani mamlakatimizda birdamlik, hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga jamiyat, davlat rivojining asosiy jihati sifatida e’tibor qaratilmoqda.

–Bunday bayramlar nainki mamlakat ichidagi do‘stlikni mustahkamlash, balki xorijiy davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatishda  muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Turkmaniston Respublikasining  O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Sapa Annaorazov. – Tili, tarixi, an’analari uyg‘un bo‘lgan xalqlarimiz azaldan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yo‘lga qo‘ygani e’tiborga molik.

–Xorijiy davlatlarda yashayotgan o‘zbeklar umumo‘zbek madaniyatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda, – dedi Qozog‘iston Respublikasi bo‘yicha etnomadaniy birlashma raisi Ikromjon Hoshimjonov. – O‘zbekiston xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor. Ayni paytda xorijdagi o‘zbekistonliklar ham mamlakat imijini ko‘tarishga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning millatlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlari diqqatga sazovor.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur xalqaro konferensiyada mamlakatimizda millatlararo hamjihatlik, do‘stlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash borasidagi ezgu sa’y-harakatlar yuksak baholandi, bu boradagi ezgu ishlar jahonning ko‘plab davlatlari uchun ibrat ekani alohida e’tirof etildi.

Nazokat Usmonova, 

Alimurod Mamadaminov (surat),

O‘zA muxbirlari

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий