Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Dohadan Samarqandgacha...

By Muxtasar_Qodirova - 13 июля 2025 г. 18:48 243 Просмотры 0 Комментарий

Doha shahrida “O‘zbekiston – Qatar” xalqaro turizm forumi bo‘lib o‘tdi. Turizm qo‘mitasi va mamlakatimizning ushbu davlatdagi elchixonasi ko‘magida tashkil qilingan mazkur anjuman o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, sayyohlik salohiyatimizni Yaqin Sharqda targ‘ib qilish, soha vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun zamin yaratadi. Hukumat, vazirlik va idoralar, yetakchi sayyohlik va avia kompaniyalari, investitsiya va savdo institutlari vakillari ishtirok etgan tadbir doirasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati – YUNESKO Jahon merosi ob’ektlari, o‘ziga xos turizm yo‘nalishlari, loyihalar va infratuzilma, diniy, tibbiy va ekoturizm imkoniyati aks etgan “O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi” taqdimoti o‘tkazildi.

Elchi Ashraf Xo‘jayev ikki davlat o‘rtasidagi chuqur qardoshlik munosabatini alohida ta’kidlab, eng avvalo oila, e’tiqod, urf-odat, insoniy rishtalarga hurmat tuyg‘usi singari insoniy qadriyatlar xalqlarimizni birlashtirib turishiga e’tibor qaratdi.

– Bugun O‘zbekiston va Qatarni nafaqat diplomatik munosabat, balki asllik, o‘ziga xoslik va madaniy merosdan kelib chiqqan, chuqur ildiz otgan qadriyatlar ham  bog‘lab turishini tasdiqlash uchun madaniyat va iliqlik shahri – Dohaning yuragida turibmiz, – dedi diplomatimiz.

– Bu galgi forum shunchaki tadbir emas, balki O‘zbekistonni yurt haqidagi hikoyalar, ruhiyati va odamlari orqali kashf etishga ochiq taklifdir. Qatardan tashrif buyuruvchilarga taqdim etiladigan boy islomiy meros, o‘ziga xos mehmondo‘stlik, rang-barang taomlar, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar hamon hayot va tarix chorrahasini birlashtiriyu turadi.

A.Xo‘jayev “Al-jazeera.net” telekanaliga bergan intervyusida diyorimiz ko‘plab muhim sayohat manzillarini taklif qilishi, moslashuvchan va mehmondo‘st siyosat tufayli 100 dan ziyod davlat vakillari respublikamizga vizasiz kirishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Doha va Toshkent orasidagi masofa “Qatar Airways” aviakompaniyasi muntazam reyslari orqali bor-yo‘g‘i uch yarim soatni tashkil etishiga urg‘u berdi. Qatar sayyohlik agentliklari va barcha hamkorlarimizni O‘zbekistondagi hamkasblari bilan uzoq muddatli aloqa o‘rnatishga, Yangi Ipak yo‘li bo‘ylab umumiy kelajakning bir qismi bo‘lishga chaqirdi.

Ishbilarmonlar ishtirokida o‘tkazilgan B2B va G2B uchrashuvlari soha mutaxassislari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish, turizm mahsulotini ilgari surish mexanizmini takomillashtirish imkonini beradi. Qatar turoperatorlari va OAV xodimlari uchun yurtimizga tanishuv sayohatlari tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ham anjumanning asosiy natijalaridan biri bo‘ldi.

Tadbir so‘ngida O‘zbekistonning tabiiy landshafti, me’moriy yodgorliklari, an’anaviy hunarmandlik buyumlari jamlangan targ‘ibot foto ko‘rgazmasi hamda asl o‘zbek taomlari namoyish qilindi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий