Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

By Muxtasar_Qodirova - 11 июля 2025 г. 15:14 201 Просмотры 0 Комментарий



O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Dunyodagi har bir davlatning milliy suvereniteti va mustaqilligi shu mamlakatning xalqaro huquq sub’ekti sifatida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashi, o‘z xalqining tinch va farovon hayotini, uning eng muhim manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan mustahkam siyosiy-ijtimoiy zamin va kuch-qudrat manbaidir.

Hech shubhasiz, 1991 yil 31 avgustda mard va olijanob xalqimizning xohish-irodasi va azmu qarori bilan qo‘lga kiritilgan milliy istiqlolimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi barcha islohotlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi tarixiy sharoitda har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Aynan mustaqillik, barcha siyosiy-huquqiy kafolatlarni o‘zida mujassam etgan holda, “O‘zbekiston – 2030”  strategiyamizni amalga oshirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini kuchaytirish, inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirish, dunyo mamlakatlari bilan faol hamkorlik qilish, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda beqiyos tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mamlakatimiz mustaqilligining ana shunday ulkan ahamiyatini inobatga olib, milliy istiqlolimizning o‘ttiz to‘rt yillik shonli sanasini Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot darajasi, jahon maydonidagi obro‘-e’tiboriga har tomonlama munosib tarzda, yuksak saviyada nishonlash maqsadida qaror qilaman:

1. Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarining g‘oyaviy-badiiy konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tuzilsin hamda uning tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Respublika komissiyasi (A.Aripov):

a) O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami (keyingi o‘rinlarda – Mustaqillik bayrami) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda munosib nishonlanishini ta’minlash uchun Konsepsiyaning asosiy ma’no-mazmuni va yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda tegishli chora-tadbirlar dasturlarining ishlab chiqilishi va bajarilishini ta’minlasin;

b) joylarda Mustaqillik bayramining yurtimiz taraqqiyoti 
va xalqimiz farovonligini ta’minlash borasidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot 
va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, umumxalq sayillari, madaniyat va sport tadbirlarini samarali o‘tkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkorlar, madaniyat va san’at arboblari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratib bersin;

v) mazkur yo‘nalishda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini Respublika komissiyasi yig‘ilishlarida muntazam ravishda eshitib borsin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirlarining dasturlarini tayyorlashga yuqori professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, bastakor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

5. Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilsin:

a) Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha sakkiz yil oldin boshlagan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli jamiyatimizning
ijtimoiy-siyosiy manzarasi butunlay o‘zgarib borayotgani;

b) qisqa muddatda mamlakatimiz iqtisodiyoti shiddat bilan o‘sib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmi tarixda birinchi marta 110 milliard AQSH dollaridan oshgani, “yashil” va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish, muqobil energiya manbalarini yaratish bo‘yicha ulkan dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani;

v) yangilangan Konstitutsiyamizda belgilanganidek, O‘zbekiston tobora inson qadri, uning huquq va manfaatlari ulug‘lanadigan ijtimoiy davlatga aylanib borayotgani, bandlikni ta’minlash, zamonaviy ish o‘rinlarini ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish, yordamga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat dasturlari katta ijobiy natijalar berayotgani;

g) ta’lim sohasidagi islohotlar ilgari tariximizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga olib kelayotgani, maktabgacha ta’lim tizimida qamrov 2017 yildagi 27 foizdan hozirgi paytda 77 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga yetgani, yurtimizda ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar va Prezident maktablari kabi yangi modeldagi maktablar tizimi paydo bo‘lgani;

d) sog‘liqni saqlash, ilm-fan, IT, madaniyat, adabiyot va san’at sohalari rivojiga ham katta e’tibor berilayotgani, Parij Olimpiadasi va Paralimpiadasida sportchilarimiz ilk bor kuchli o‘n beshtalikdan joy olgani, futbol bo‘yicha 17 yoshgacha o‘smirlar jamoamiz, shuningdek, milliy terma jamoamiz O‘zbekiston tarixida birinchi marta jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani; 

ye) “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” degan shior ostida navqiron avlodimizning zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, ona tili bilan birga xorijiy tillarni, IT texnologiyalarini egallashlari, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun har tomonlama qulay shart-sharoit yaratib berilayotgani, bunga javoban o‘g‘il-qizlarimiz turli sohalarda dastlabki quvonchli yutuqlarga erishayotganlari;

j) keyingi yillarda shahar va qishloqlarimiz jadal sur’atlar bilan obod bo‘lib borayotgani, “Yangi O‘zbekiston” uy-joy mavzelarini barpo etish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, smart va innovatsion shaharsozlik asosida yangi shaharlar barpo etilib, ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari rivojlanayotgani;

z) ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatimizdagi tinchlik, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik muhiti – bizning bebaho boyligimiz ekani, uni asrab-avaylash va mustahkamlash barchamizning muqaddas burchimiz bo‘lib qolishi zarurligi;

i) “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir!” degan shior asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, mard va jasur askar va ofitserlarimizning jismoniy, ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar amalga oshirilayotgani;

k) O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik, hamkorlik va integratsiya jarayonlarini kuchaytirishdagi o‘rni va nufuzi ortib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani;

l) Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida ochiq, demokratik
va dunyoviy davlat sifatidagi obro‘-e’tibori va nufuzi tobora yuksalib borayotgani.

  1. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov):

a) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirining dasturi va ssenariysini Konsepsiya asosida ishlab chiqsin hamda uni yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin;

b) Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor – ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin;

v) Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari tanlovlarining yakuniy bosqichini o‘tkazsin; 

g) mazkur tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilish va tantanali ravishda taqdirlash choralarini ko‘rsin.

7. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriylik asosidagi homiylik xayriyalari hisobidan;

b) Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi. 

8. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                      Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2025 yil 10 iyul

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий