Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Germaniya delegatsiyasi Farg‘onada

By Muxtasar_Qodirova - 18 июня 2025 г. 15:40 143 Просмотры 0 Комментарий

Germaniya Federal hukumatining Ko‘chib kelganlar va milliy ozchilik masalasi bo‘yicha vakili Bernd Fabritsius boshchiligidagi delegatsiya Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar turli sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, tarixiy ildizlari, davlat rahbarlarining rasmiy tashriflari doirasida hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi. Germaniyaning ilm-fan va texnologiya sohasidagi ilg‘or yutuqlari e’tirof etildi.  



Viloyat hokimi iqtisodiy sohalardagi hamkorlik, muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab kelayotgani, ularning huquqlari to‘liq ta’minlanayotganiga e’tibor qaratdi. Xususan, 8 ming nafardan ziyod nemis millatiga mansub fuqarolar yurtimizda baxtli hayot kechirayotgani, Farg‘ona shahar markazida “Do‘stlik uyi” tashkil etilib, milliy madaniy markazlar faoliyati uchun barcha sharoit yaratib berilgani, 1990 yilda tashkil etilgan “Vidergeburt” nemis milliy madaniy markazi qoshida hozirgi kunda yoshlar uchun 14 ta yo‘nalishda to‘garaklar tashkil etilgani haqida to‘xtalib o‘tildi.

“O‘zbekiston – Germaniya” do‘stlik jamiyati ham nemis madaniyati va an’analarini saqlash, asrab-avaylash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgani, ular uchun zarur ijtimoiy va madaniy sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi.



Farg‘ona viloyatida ham 500 nafarga yaqin nemis millati vakillari istiqomat qilib, mamlakat taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.  

Uchrashuvda, shuningdek, farg‘onalik yoshlar nemis tili kurslarida tahsil olayotgani, ayrimlari Germaniyada bilim va malaka oshirib, mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgani haqida ham so‘z yuritildi.  

–Men nemis millatiga mansub fuqarolar O‘zbekistonda, jumladan, Farg‘onada erkin va farovon hayot kechirayotganiga guvoh bo‘ldim. Ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar tahsinga sazovor. Men kelgusida Farg‘ona viloyati va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘mak berishga tayyorman, – dedi Germaniya delegatsiyasi rahbari Bernd Fabritsius.

Yakunda bildirilgan takliflar asosida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Shuningdek, mehmonlar Marg‘ilon shahridagi "Yodgorlik" korxonasi hamda Farg‘ona shahridagi O‘zbekiston nemis madaniy markazi faoliyati bilan tanishdi.  

M.Sulaymonov, O‘zA

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий