Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

Munosabat

By Muxtasar_Qodirova - 13 июня 2025 г. 23:53 129 Просмотры 0 Комментарий

Toshkentda o‘tkazilgan to‘rtinchi xalqaro investitsiya forumi nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida, balki,  aholi turmush farovonligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, bu kabi forumlar orqali keladigan investitsiyalar hisobida yangi ish o‘rinlari yaratiladi, zamonaviy texnologiyalar asosida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi va sifati yaxshilanadi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti so‘nggi sakkiz yilda  ikki barobar ko‘paydi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 200 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. O‘tgan yili investitsiya hajmining 35 milliard, eksportning 27 milliard dollarga yetganida  an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumining o‘ziga xos o‘rni bor. Joriy yilda o‘tkazilgan forumda erishilgan 30 milliard dollardan ziyod yangi loyihalar esa bu ko‘rsatkichning yanada o‘sishiga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekistondagi islohotlar samarasi xalqaro reytinglarda ham o‘zining munosib aksini topmoqda. “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimiz so‘nggi besh yilda 48 pog‘ona yuqoriladi. Garvardning “Iqtisodiyot murakkabligi indeksi”dagi o‘rnimiz 28 pog‘onaga yaxshilandi. O‘tgan oyda nufuzli “S&P” agentligi O‘zbekistonning suveren reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi. Bu kabi O‘zbekiston iqtisodiy muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni xalqaro tashkilot, ekspert hamda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan e’tirof va fikrlar misolida ham ko‘rish mumkin. 

Jumladan, forum ishtirokchisi “Penki Kontinentai Group” xalqaro korporatsiyasi boshqaruvi raisi Idrakas Dadashovas tadbir aniq va professional tashkil etilgani, bu oddiy forum emas, puxta tayyorgarlik asosida o‘tkazilayotgan jiddiy xalqaro tadbirligi e’tirof etdi.

– Tadbirda 100 ga yaqin davlatdan vakillar ishtirok etgani O‘zbekistondagi investitsiya muhiti va unga bo‘lgan yuqori ishonchni ko‘rsatadi,  – dedi I. Dadashovas. – Men davlat tuzilmalarida raqamli ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha yechimlar qanday tezlikda joriy etilayotganini ko‘ryapman. Bu esa davlat darajasida chuqur strategik ish olib borilayotganini anglatadi.

Shuningdek, yana bir ekspert “Global Neighbours” tashkiloti raisi va asoschisi  Yovanka Porshe forum haqida o‘z fikrini bildirib, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning xalqaro investitsiya markaziga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini qayd etdi. 

Yuqoridagi kabi e’tiroflar forumda ishtirok etgan Yevropa yetakchilari tomonidan ham bildirilganligi kishini quvontiradi. Jumladan, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso O‘zbekistonning islohotlar va modernizatsiya yo‘li, uning jadal iqtisodiyoti va jahon sarmoyadorlariga ochiqligi haqiqatdan ham hayratlanarli ekanini ta’kidladi.

–Biz O‘zbekistonni faqat Slovakiya investitsiyalari uchun manzil sifatida emas, balki keng mintaqaviy hamkorlikka eltuvchi eshik sifatida ko‘rmoqdamiz. Sizning joylashuvingiz, islohotlaringiz va infratuzilma tashabbuslaringiz O‘zbekistonni yangi yuzaga kelayotgan Yevrosiyo savdo yo‘llarining muhim tutash nuqtasiga aylantirmoqda. Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik rolini o‘ynamoqda. Biz O‘zbekiston bilan hamkorligimizni XXI asrda barqaror Yevrosiyo iqtisodiyotini shakllantirish konsepsiyasining bir qismi deb bilamiz,– dedi Robert Fitso.

Forumda qabul qilingan qaror va loyihalarning yana bir muhim jihati bu iqtisodiy taraqqiyot bilan birga oddiy aholi uchun ham manfaatliligidir. Kelgusida yangi zavodlar, logistika markazlari va raqamli xizmatlar sohasidagi loyihalar orqali kamida 300 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkin. Bu esa mehnat bozorida raqobatni kamaytiradi, ishsizlik darajasini kamaytiradi va aholi daromadini oshiradi. “Yashil energetika” sohasidagi sarmoyalar natijasida esa elektr ta’minoti yanada yaxshilanadi. Elektr uzilishlar soni kamayadi, narxlar barqarorlashadi. Bu nafaqat korxonalar, balki oddiy xonadonlar uchun ham qulay sharoit yaratadi.

Transport va kommunikatsiya tarmoqlariga yo‘naltirilgan investitsiyalar – yangi aeroportlar, yo‘llar, temir yo‘l uzellari – xalq uchun qulaylik, xavfsizlik, vaqt va tejamkorlikni ta’minlaydi. Xorijiy sarmoyalar bilan ishlayotgan kompaniyalar bozorga yangi texnologiyalar va mahsulot sifati olib kiradi. Bu ichki raqobatni oshiradi, narxlarni pasaytiradi va iste’molchi uchun tanlovni kengaytiradi.

Umuman olganda iqtisodiy forum – nafaqat katta sarmoyalar, balki har bir fuqaroning hayotida o‘zgarishlar deganidir. Har bir qadam o‘zgarishlarga xizmat qilmoqda. Eng muhimi – bu jarayonda aholi manfaati eng ustuvor masala bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, mazkur forum investitsiya muhitini yaratib, daromad keltirish bilan birga, inson qadrini ulug‘laydigan, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlaydigan va jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan mustahkam poydevorga aylanadi.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Mehnat, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий