Uzbekjournal.uz – Следите за последними новостями о жизни нашей страны

O‘zbekiston jozibador va investorlar uchun katta salohiyatga ega mamlakatga aylanmoqda

By Muxtasar_Qodirova - 10 июня 2025 г. 21:54 200 Просмотры 0 Комментарий

Bugun poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar markazida Toshkent xalqaro investitsiya forumining birinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli va an’anaviy tadbir 8 mingdan ziyod ishtirokchini, jumladan, dunyoning 100 ga yaqin mamlakatidan 3 mingga yaqin xorijiy mehmonni jamladi. 

Ta’kidlanganidek, mazkur forum mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun jahon bozoriga chiqishda yirik muloqot, tanishuv, hamkorlik va kelishuvlar maydoni vazifasini o‘tamoqda.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Mansurjon Rasulevning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi forum juda keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda. Unda xalqaro hamjamiyat e’tiboriga energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalarni qazib olish, raqamli texnologiyalar va boshqa strategik muhim sohalarga oid umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq bo‘lgan investitsion loyihalar taqdim etilayotir.

–Avvalo, Toshkent xalqaro investitsiya forumi bu yil butunlay yangicha formatda tashkil etildi. Chunki oldingi yillarga nisbatan xorijiy investorlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Forum doirasida bir qator davlatlar bilan biznes-forumlar ham o‘tkazilyapti. Masalan, O‘zbekiston-AQSH biznes-forumi shular jumlasidan. Ilgarigi yillarda AQSH kompaniyalari asosan savdo yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga harakat qilgan bo‘lsa, bu yil investitsiya sohasida ham o‘z istak-xohishlarini namoyon qilmoqda. E’tiborlisi, bu yilgi forumda AQSHdan 100 dan ortiq kompaniya ishtirok etayotgani bu fikrimiz isbotidir, –dedi M.Rasulev. 

Shuningdek, forumning eng muhim tadbirlaridan biri sifatida O‘zbekistonning sanoat va investitsiya salohiyatini namoyish etuvchi ilk milliy ko‘rgazma tashkil etildi. Unda neft-kimyo, mashinasozlik, qurilish sanoati va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi jadal rivojlanayotgan sohalar bo‘yicha yetakchi kompaniyalar o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda. 

“Fonon” zargarlik zavodi tijorat direktori Behzod Solihovning qayd etishicha, bu kabi xalqaro tadbirlarda ishtirok etish ushbu korxona faoliyati uchun muhim hisoblanadi.

– Bugungi forum doirasida o‘tkazilayotgan milliy ko‘rgazmada zavodimiz o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Ular orasida nafaqat tayyor, balki yarim tayyor mahsulotlar ham namoyish qilinyapti. Zavodimiz davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021 yilda tashkil etilgan. Shu vaqtgacha AQSH va BAA kabi davlatlarga mahsulotlarimizni eksport qildik. O‘zbekiston bo‘ylab 20 ga yaqin rasmiy do‘konimiz faoliyat yuritmoqda. Maqsadimiz esa  “Fonon” brendini jahon bozoriga olib chiqish. Forum biz uchun katta imkoniyat yaratadi. Chunki xorijiy ishtirokchilarga kompaniyamiz do‘konlarini ularning mamlakatlarida ochishni taklif qilyapmiz, –dedi B. Solihov.

Eslatib o‘tamiz, milliy ko‘rgazma 12 iyun kuni o‘z ishini yakunlaydi.

O‘zA

Теги:

0 Комментарий

Оставить комментарий